Jamiyat

XDP Xalqaro media-xollda O‘zbekiston Prezidenti saylovi kampaniyasida ishtirokiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazdi

Xalqaro media-xollda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining O‘zbekiston Prezidenti saylovi kampaniyasida ishtirokiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.

XDP Xalqaro media-xollda O‘zbekiston Prezidenti saylovi kampaniyasida ishtirokiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazdi

 

Brifingda Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish doirasida amalga oshirilgan ishlar hamda mazkur jarayonning barcha bosqichlarini samarali tashkil etish, faoliyatni tizimli muvofiqlashtirib borish bo‘yicha partiya markaziy saylov shtabi tashkil etilib, asosiy vazifalar belgilab olingani haqida so‘z yuritildi.

 

Brifingda taʼkidlanganidek, bu yilgi saylovga tayyorgarlik jarayonlari  qizg‘in kechdi. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining yangi siyosiy reklamasi va imidji yaratildi, rebrending ishlari olib borildi. Partiya ramzining 10 dan ortiq loyihalari ishlab chiqilib, keng muhokamalar jarayonida logotip shakli mukammallashib bordi va partiya Markaziy Kengashining IV plenumida Xalq demokratik partiyasining yangi ramzi tasdiqlandi hamda Adliya vazirligi tomonidan qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

 

Partiyaning markaziy saylov shtabi tarkibi, uning vazifa va vakolatlari aniqlab olindi hamda partiyaning Vakolatli vakili belgilandi. Xususan, partiya tashkilotlari huzurida 1 ta Markaziy, 14 hududiy va 202 tuman-shahar saylov shtablari tuzildi.

 

"Yana bir muhim jihatiga eʼtiboringizni  qarataman. Bu yilgi saylov jarayonlarida bizning elektoratimiz hisoblangan ijtimoiy himoyaga muhtoj nogironligi bor shaxslar uchun brayn alifbosida nomzodning saylovoldi dasturi  chop etildi",  — deydi O‘zXDP Markaziy kengashi raisi  o‘rinbosari Firdavs Sharipov.

 

Hozirda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining axborot makonidagi o‘rnini mustahkamlash borasidagi ustuvor vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha 6 ta yo‘nalishdan iborat media dasturi va PR-strategiyasi ishlab chiqilgan. Partiyaning www.xdp.uz veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida fuqarolar bilan aloqa qilish tizimining zamon talabiga moslashtirish maqsadida bir qator interaktiv aloqa xizmatlari ochildi va sayt imkoniyatlari yana-da kengaytirildi, partiyaning markaziy va hududiy kengashlari qoshida axborot maydoni bo‘yicha ishlovchi guruhlar shakllantirildi.

 

Partiyaning Toshkent shahar kengashi binosida eng zamonaviy axborot texnologiyalar va raqamli uskunalar bilan jihozlangan Multimedia markazi tashkil etildi.

 

 

 Munojat Valiyeva

XDP Xalqaro media-xollda O‘zbekiston Prezidenti saylovi kampaniyasida ishtirokiga bag‘ishlangan brifing o‘tkazdi | Zamon.uz