Jamiyat

Xonanda Jahongir Otajonov 3 nafar farzandidan aliment qarzdor

Xabaringiz bor, ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Jahongir Otajonovning O‘zbekistondan chiqishi taqiqlangani to‘g‘risida video va audioxabarlar tarqaldi. Unda aytilishicha, xonandaning xorijga chiqishi uchun Majburiy ijro byurosi taqiq qo‘ygan.

Xonanda Jahongir Otajonov 3 nafar farzandidan aliment qarzdor

 

Videomurojaatda aytilishicha, xonanda o‘g‘lining operatsiyasi sabab Istanbulga uchishi kerak bo‘lgan. Ammo aeroportda unga ruxsat berilmagan. Bunga uning MIBdan qarzdorligi sabab qilib ko‘rsatilgan.

 

Majburiy ijro byurosi mazkur murojaatni o‘rgandi va rasmiy maʼlumot berdi. O‘rganish davomida fuqaro Jahongir Otajonov tomonidan sudlar qarorlariga asosan — fuqarolar S.F., M.S. va E.I.ga 3 nafar voyaga yetmagan farzandlari uchun aliment undiruviga oid 3 ta ijro ishi mavjudligi aniqlandi.

 

Xususan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor Jahongir Otajanovdan undiruvchi S.F. foydasiga aliment undirish belgilangan.

 

Shuningdek, Byuroning Olmazor tuman bo‘limi tomonidan majburiy ijro harakatlari olib borilgan va undiruvchi S.F. ijro hujjatini ijrosiz qaytarish yuzasidan ariza bilan murojaat qilgan. Natijada, 21.01.2020 yilda ijro hujjati undiruvchiga qaytarilgan va ijro ishi yakunlangan.

 

Shu bilan birga, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudining ijro hujjatlariga asosan qarzdor Jahongir Otajanovdan undiruvchilar M.S. va E.I. foydasiga aliment undirish belgilandi. Oqibatda Byuroning Yunusobod tuman bo‘limi tomonidan majburiy ijro harakatlari olib borilgan va uning O‘zbekiston Respublikasidan chiqish huquqi vaqtinchalik cheklangan.

 

Bundan tashqari, ushbu taqiqlar O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 42-1-moddasiga muvofiq qo‘yilganligi aniqlangan.

 

Maʼlumot uchun: Majburiy ijro byurosi organlari — sud va boshqa organ hujjatlari ijrosini taʼminlaydi.

 

Eslatib o‘tamiz, bundan avval Toshkent shahar IIBB Jahongir Otajonov ustidan sudga murojaat qilgandi.

 

 

Cho‘lpony Ahmedova

Xonanda Jahongir Otajonov 3 nafar farzandidan aliment qarzdor | Zamon.uz