Saylov jarayonlarini o‘rganish va unga ko‘maklashish — bosh maqsadimiz
AQSH elchixonasi tomonidan ajratilgan grant asosida saylovda ishtirok etadigan nomzod ayollar o‘qitildi.

Bugun, 23 oktyabr kuni Xalqaro media-xollda Demokratiya va inson huquqlari nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan saylov jarayonlari ustidan jamoatchilik monitoringiga bag‘ishlangan brifing tashkil etildi.
Brifingda Demokratiya va inson huquqlari nodavlat notijorat tashkilotining “Saylovlar jarayonida elektorat va fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy madaniyati va darajasini oshirish” nomli loyihasi parlament komissiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangani va shu loyiha doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining konstitutsiyaviy va huquqiy asoslari o‘rganilgani haqida maʼlumot berildi.
Taʼkidlanganidek, ushbu tashkilot tomonidan qonunchilik hujjatlari, xususan, “Saylov qonunchiligini takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan yangiliklar bo‘yicha tahlillar o‘tkazildi.
Saylov jarayonida kuzatuvchilar instituti va uning huquqiy asoslari, kuzatuvchilarning huquq va majburiyatlari borasida aholi xabardorligini oshirish maqsadida ommabop uslubda “Saylov jarayonida kuzatuvchilar uchun qo‘llanma” chop etib tarqatildi.
Sayyora Xadjayeva, Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori:
-Mamlakatimizda nodavlat tashkiloti saylov jarayoniga birinchi marta bevosita jalb qilinmoqda. Avvallari bunday holat bo‘lmagan. Shu yilning boshida institutimiz nomidan parlament jamg‘armasiga saylov jarayonida ishtirok etish taklifi bilan chiqib, o‘z loyihamizni taqdim etdik. Loyihamiz maʼqul keldi va biz mana ishtirok etyapmiz. Biroq biz maydonga quruq qo‘l bilan chiqqanimiz yo‘q. 2019 yilgi parlament saylovida AQSH elchixonasi tomonidan ajratilgan grant asosida saylovda ishtirok etadigan nomzod ayollarni o‘qitdik. Reja bo‘yicha 200 nafar ayolni o‘qitishimiz kerak edi. Lekin rejadan ko‘p — 340 yolni o‘qitdik. Hozirda ularning 79 nafari deputat, jumladan, 3 nafari Senator, 5 nafari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, qolganlari esa viloyat, shahar va tuman kengashi deputatlari. Biz uchun 1 nafar ayolning nomzodi o‘tsa ham katta yutuq edi. Bizning asosiy vazifamiz ayollarning siyosiy huquqiy madaniyatini yuksaltirish orqali Parlamentda ayollar sonini oshirishdir. O‘tgan yili USAID bilan hamkorlikda “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunni nodavlat tashkilotlar hayotiga tadbiq etishdagi roli haqida sharh yozib grant yutdik.
Ayni paytda institut tomonidan mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tashkil etish va o‘tkazish jarayoni yuzasidan aholi fikrini aniqlash maqsadida jamoatchilik monitoringi olib borilmoqda. Monitoring sotsiologik so‘rovnomalar o‘tkazish yo‘li bilan Toshkent shahri va viloyatlarda olib borilmoqda. Olingan natijalar bosqichma-bosqich umumlashtirilib borilyapti.
Munojat Valiyeva







