Yoshi katta erkakning qo‘l telefonida 700 ga yaqin pornografik foto va videolar borligi aniqlandi
Navoiy xalqaro aeroportida IIB TXTB xodimlari tomonidan qonun buzilishi holatining oldi olindi.

Navoiy xalqaro aeroportiga 4365-sonli reys bilan “Yekaterinburg-Navoiy” yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelgan, asli buxorolik T.G‘. viloyat IIB TXTB HPB xodimlarida shubha uyg‘otgani sababli tekshiruv o‘tkazilgan.
Unda aytilishicha, gumondor shaxs telefonini ko‘rsatishdan bosh tortgan. Shundan so‘ng “Redmi Not 9” rusumli telefon apparati xotirasi tekshirilganda, unda 657 ta pornografik, zo‘ravonlik hamda shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi video va rasmlar borligi aniqlandi.
Mamlakatimiz qonun hujjatlariga asosan bu kabi materiallarni tayyorlash, tarqatish hamda namoyish etish belgilangan tartibda jarimaga sabab bo‘ladi.
“Shu o‘rinda fuqarolarimizga aytib o‘tish lozimki, mamlakatimizga kelayotgan shaxslar orasida qo‘l yuklarini atayin almashtirib olish yoki o‘zlariga tegishli bo‘lmagan yuklarni o‘zlashtirish holatlari uchramoqda. Xuddi shuningdek, yuklar orasida zo‘ravonlik va shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi turli ko‘rinishdagi maʼlumotlar hamda maxsus litsenziyasi bo‘lmagan diniy adabiyotlarning borligi jinoiy javobgarlik holatlarini keltirib chiqaradi”, — deyiladi axborot xizamati xabarida.
Bundan avval elektr qarmoq yordamida baliq ovlayotganlar hamda “TikTok” ijtimoiy tarmog‘ida pichoq ko‘tarib videoga tushgan tasvirni tarqatgan maktab o‘quvchisi jarimaga tortilgani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







