Jamiyat

“Seftriakson” dori vositasi sabab 11 yoshli qizning o‘limi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olindi

Voqea joriy yilning 20 oktyabr kuni Angren shahrida sodir bo‘lgan.

“Seftriakson” dori vositasi sabab  11 yoshli qizning o‘limi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olindi

Ijtimoiy tarmoqlarda Angren shahrida 11 yoshli qiz   “Seftriakson” dori vositasi sabab vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi.

Maʼlumotda voqea joriy yilning 20 oktyabrida sodir bo‘lgani, surunkali bronxit sabab muntazam davolanib keladigan 11 yoshli bemor shifokor ko‘rsatmasiga binoan “Seftriakson” antibiotigini qabul qilgani aytilgan.

Ukol qilinganidan keyin 3 daqiqa ichida bemorning qo‘llarida ko‘karishlar, ko‘zlarida qizarish, ko‘ngil aynishi boshlangan. 10 daqiqa ichida bemor hududiy shifoxonaga olib borilgan. O‘sha yerda dastlabki yurak urishdan to‘xtash holati kuzatilgani aytilgan. Shifokorlar tezkor harakatlar bilan yurak faoliyatini tiklashga muvaffaq bo‘lgan. Ammo keyinchalik bu holat yana ikki marta takrorlangan va tongda bemor yuragi butunlay to‘xtagan.

Mazkur holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki maʼlumotiga ko‘ra, marhum G.R.ning o‘limiga qonning suyuq holatdaligi, ichki aʼzolarning kam qonligi, ko‘z qovoqlarining o‘tuvchi pardalari, o‘pka, vitseral varag‘i ostida, yurak epikardida mayda nuqtachalar ko‘rinishidagi qon quyilishlari, bosh miya va o‘pka shishi, ichki aʼzolarining suvsizlanishi, anaflaktik shok, o‘tkir yurak qon tomir yetishmovchiligi, nafas yo‘llarining yallig‘lanishi, tarxeit, bronxit, ikki tomonlama o‘pkalar yallig‘lanishi, gastroenterokolit oqibatida yuzaga kelganligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Angren shahar prokuraturasi tomonidan ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.

Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan nazorat o‘rnatilgan.

 

Munojat Valiyeva

“Seftriakson” dori vositasi sabab 11 yoshli qizning o‘limi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olindi | Zamon.uz