Shaxsiy maʼlumotlardan noto‘g‘ri foydalangan shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortiladi
Shaxsga doir maʼlumotlarni muhofaza qilish bo‘yicha talablarni buzganlik yuzasidan javobgarlik kuchaytirildi.

Prezident tomonidan "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun imzolandi.
Unga asosan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish kiritildi.
Endi axborot texnologiyalari, jumladan, Internetda fuqarolarning shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berilayotganda noto‘g‘ri maʼlumot bergan fuqarolar maʼmuriy javobgarlikka tortiladi. Shuningdek, O‘zbekistonda joylashgan texnik vositalar hamda maʼlumotlar bazalarida shaxsga doir maʼlumotlarni yig‘ish, tizimlashtirish va saqlashga oid talablarga rioya etmagan fuqarolar ham endi jarima to‘laydi. Bu kabi huquqbuzarlik uchun oddiy fuqarolar BHMning 7 baravari (1 mln. 890 ming so‘m), mansabdor shaxslar esa 50 baravari (13 mln. 500 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortiladi.
Bundan tashqari, Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishga binoan mazkur jinoyatni sodir etgan shaxs maʼmuriy jazo qo‘llanilgandan so‘ng bir yil davomida yana takrorlasa, BHMning 150 baravarigacha (40 mln. 500 ming so‘mgacha) miqdorda jarimaga yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish, 2 yilgacha axloq tuzatish ishlariga totrilish bilan jazolanadi.
Ushbu o‘zgartirishlar qonun kuchga kirgan kundan eʼtiboran 3 oy o‘tgach amalga kiritiladi.
Bundan aval jinoiy javobgarlikka tortish yoshi o‘zgartirilishi mumkin hamda huquqbuzarlik sodir etgan shaxs yetkazilgan zararni qoplab, jabrlanuvchi bilan yarashsa, javobgarlikdan ozod etilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







