Simyog‘ochning yaroqlilik muddati bormi?
Jizzaxlik fuqaro chirigan simyog‘ochni yangilab berishlarini so‘ramoqda (video).

Jizzax shahar Qaliya mahallasida yashovchi fuqaro Jalilov G‘ulomdan zamon.uz saytiga avariya holatidagi simyog‘och haqida murojaat kelib tushdi.
Bizning hovlimiz va ko‘p qavatli uy o‘rtasidagi taxminan 50 metrlik masofa oralig‘ida simyog‘och bor. 2016 yilda ko‘chib kelganimizda ham simyog‘och taʼmirtalab edi. Hozirda bu simyog‘ochni deyarli ikki tarafdan kelgan elektr simlarigina ushlab turipti xolos. Jizzax shahar Elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i Dilmurod Ravshanovga bir necha marotaba yozma ravishda murojaat qilganmiz. Bo‘ldi qilib beramiz deb, har xil bahonalar sabab qilishadi
-deyiladi murojaatda.
Har yili kuz, qish va bahor faslidagi shamolli kunlarda yog‘och ustun qimirlab, elektr uzatish simlari uzilib ketadi. Oqibatda bir necha kunlab elektr tokisiz qolib ketamiz. O‘zimiz tuzattiramiz desak, hech bir usta simyog‘ochga chiqishni istamaydi. Sababi u ichidan chirib bo‘lgan. Shu tariqa yana o‘zimiz shahar elektr tarmoqlari korxonasiga borib, murojaat qilib to‘g‘irlatamiz.
Maʼlumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-sonli qarorining 131-bandiga muvofiq hududiy elektr tarmoqlari korxonalari uskunalarni, elektr uzatish liniyalarini, elektr energiyasini hisobga olish asboblarini ekspluatatsiya qilish, ularga xizmat ko‘rsatish va uskunalarni taʼmirlash, shuningdek, o‘z elektr tarmog‘i xo‘jaligi obyektlarida nosozliklarni bartaraf etishga majbur.
Qolaversa, ushbu fuqaroning murojaatini befarq qoldirish isteʼmolchi huquqlarini himoya qilish qoidalariga zid keladi. Ishonamizki mazkur masala mutasaddi tashkilotlarni befarq qoldirmaydi.
Yulduz Rustamova







