Sport

Hakamlarning chempionatdagi noto‘g‘ri qarorlari meni hayratda qoldirdi  — Rahmatjon Ro‘zioxunov

Ayni kunlarda Serbiya poytaxti Belgrad shahrida boks bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda.

Hakamlarning chempionatdagi noto‘g‘ri qarorlari meni hayratda qoldirdi  — Rahmatjon Ro‘zioxunov

 

Kecha musobaqaning chorak final janglari o‘z yakuniga yetdi. Unda 6 nafar bokschimiz kurash olib borgan bo‘lsa, ikki nafari yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Sportchilarimizning ushbu turnirdagi muvaffaqiyatsizliklari haqida O‘zbekiston boks terma jamoasi murabbiyi Rahmatjon Ro‘zioxunov shunday dedi:

 

“Hakamlarning chempionatdagi noto‘g‘ri qarorlari meni hayratda qoldirdi. Ayni shu holat bizning to‘rt-beshta bokschimiz natijalariga salbiy taʼsir ko‘rsatdi. Sportchilarimiz yutib turgan joyida g‘alabani raqibga berib yuborish hammaga ham alam qiladi-da. Bunga Shahobiddin Zoirov, Miraziz Mirzahalilov, Saidjamshid Jafarov, Odiljon Aslanov janglarini misol qilib keltirish mumkin”.

 

Maʼlumot o‘rnida: ushbu jahon chempionatini terma jamaomiz 13 nafar bokschi bilan boshlagan edi. Hozirgi vaqtda esa ikki nafar sportchimiz — Madiyar Saidrahimov hamda Abdumalik Xalakov musobaqadagi yurishini davom ettirmoqda.

 

Avvalroq Abdumalik Xalakov raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmagani va Madiyar Saidrahimov ilk jangini g‘alaba bilan boshlagani haqida xabar berilgandi.

 

Jamshidbek Amirov