Avtobus bekatlari daromad keltiradigan savdo nuqtalariga aylantirilgan. Yo‘lovchilar uchun esa sharoit yo‘q.
O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Toshkent shahridagi avtobus bekatlarida tekshiruv o‘tkazdi.

Aniqlanishicha ayrim avtobus bekatlari daromad keltiradigan savdo nuqtalariga aylantirilgan. Buning natijasida isteʼmolchilar bekatlarda avtobuslarni jazirama quyosh yoki yomg‘ir ostida kutishiga to‘g‘ri kelmoqda.
Zamonaviy avtobus bekatlarida panduslar deyarli yo‘q. Yana bir asosiy kamchilik bekatlarda o‘rindiqlar yetarli miqdorda emas. Meʼyoriy hujjatlarda avtobus bekatlari o‘rindiqlar bilan jihozlanishi, ulardan biri pavilyonda, qolganlari esa kutish joyida o‘rnatilishi, bitta o‘rindiq kamida 10 M.kv. maydonni egallashi belgilangan.
Shuningdek, o‘rganish jarayonida avtobus yo‘nalishlarining 91 foizida xaritalar, bekatlarning 62,9 foizida axlat qutisi, 37,2 foizida kutish zali, 31,6 foizida yo‘lovchilar uchun o‘rindiqlar yo‘qligi, 36,5 foizida yo‘lovchilar uchun joy yetarli emasligi va 28,9 foizi belgilangan sanitariya-gigiyena talablariga javob bermasligi maʼlum bo‘ldi.
Bundan avval "Toshkent transporti" mobil ilovasi ishga tushirilgani hamda Toshkentdan “Tashmore”gacha alohida yo‘lakda harakatlanuvchi tezyurar avtobuslar yo‘lga qo‘yilgani haqida xabar berilgan edi.







