Farzandlariga aliment to‘lamay kelayotgan 5 ota ishi sudda ko‘rib chiqildi
Ularning 4 nafariga nisbatan 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan va 1 nafari javobgarlikdan ozod qilingan.

Bugunggi kunda milliy qonunchiligimizda aliment to‘lash majburiyatlari aniq ko‘rsatib qo‘yilgan bo‘lsa-da, lekin hayotda qonunga buysunmayotgan fuqarolar ham ko‘plab uchramoqda.
Xususan, Majburiy ijro byurosi Xatirchi tuman bo‘limi tomonidan aliment to‘lovidan 42 million so‘m miqdorda qarzdorligi mavjud bo‘lgan 5 nafar otalarga nisbatan to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudiga yuborilgan.
Sud tomonidan joriy yilning 28 oktyabrida 5 nafar otalarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-4-moddasida nazarda tutilgan xuquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilib, ularning 4 nafariga nisbatan 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan va 1 nafari javobgarlikdan ozod qilingan.
Maʼlum qilinishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudining 2014 yilning 17 sentyabrdagi ijro hujjatiga asosan qarzdor A.Maqsudovdan D.G‘aniyevaning foydasiga ikki nafar farzandining moddiy taʼminoti uchun 1/3 qism miqdorida aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati bo‘lim ish yurituvida mavjud bo‘lib, joriy yilning oktyabr oyiga qadar A.Maqsudovning aliment to‘lovlaridan qarzdorligi 18 million 471 ming 656 so‘mni tashkil qilib, ushbu qarzdorlikni to‘lashdan bo‘yin tovganligi sababli, sud qaroriga asosan A.Maqsudovga nisbatan 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.
Bundan tashqari, fuqarolik ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudining joriy yilning 17 fevraldagi ijro hujjatiga asosan qarzdor A.Abdullayev undiruvchi M.Sobirovaning foydasiga ikki nafar farzandining moddiy taʼminoti uchun 1/3 qism miqdorida yig‘ilib qolgan 6 million 567 ming 495 so‘m qarzdorlikni to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan. Natijada qarzdorga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudiga yuborildi. Qarzdor sud majlisida mavjud qarzdorlikni to‘liq to‘laganligi sababli javobgarlikdan ozod qilingan.







