Maktablarda ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimi ortiqcha... mi?
“Mahalla” gazetasi va "Mahalla ko‘zgusi" jurnalining rasmiy saytida yozilishicha, poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi maktablardan birida ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi bo‘lib ishlayotgan ijodkorga maktab direktori bir oyga 180 ming so‘m maosh chiqarib beribdi.

Aslida bu yagona holat emas.Targ‘ibotchilar maktablarda juda ko‘p savol va muammolarga duch kelmoqda.
Maʼlumki, 2021-yildan har bir umumtaʼlim muassasasida ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimi joriy etildi. Ushbu lavozimga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tavsiya etilgan taniqli shoir, yozuvchi, jurnalist va ijodkorlar, oliy taʼlim muassasalarining ijtimoiy gumanitar kafedralari professor va o‘qituvchilari jalb qilinishi ko‘zda tutilgan.
Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchining vazifasi — yosh avlodni maʼnan barkamol etib tarbiyalash, maktab o‘qituvchilari va faol o‘quvchilarining ijodiy ishlarini keng jamoatchilikka yetkazishga ko‘maklashish, turli xildagi viktorinalar, mushoiralar, adabiy kechalar, qiziqarli darslar, kitobxonlik va sheʼrxonlik musobaqalarini tashkil etish, maktab o‘qituvchilari va faol o‘quvchilarni jalb etib, gazetalar chop etish yoki o‘quv maskanlarining elektron saytida maktab hayotidan qiziqarli maqolalar chiqarib borishdan iborat.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: xo‘sh, ularning faoliyati maktablarda qanday samara bermoqda? Ijodkor o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar orasida ijodga, adabiyotga qiziqish qay darajada oshdi
Ayrim maktablarda direktorlar “ishga kelgan kunlaringizga qarab haq to‘layman”, degan vaj-karsonni pesh qilmoqda.
“Maktab rahbarining o‘zboshimchalik bilan o‘z xohishiga mos tartib-qoida belgilashi nimani anglatadi? Qolaversa, ushbu lavozimdagi xodim maktab o‘quvchilarining maʼnaviy olamini boyitish, ijodiy iqtidorini tarbiyalash bilan shug‘ullanadi. Mazkur mehnatning bahosi shunday past darajada belgilanayotganini qanday tushunish mumkin? Nahotki, yoshlar orasida maʼnaviy tarbiya masalasi og‘riqli bo‘lib turgan bir paytda taʼlim maskani rahbari uchun bu yumush shu qadar ahamiyatsiz bo‘lib ko‘rinsa?..” – deyiladi yuqoridagi maqolada.
Bu lavozimga 0.5 shtat birligi bo‘yicha haq to‘lanadi. Agar maktab bolalari soni kam bo‘lsa, unda 0.25 foiz miqdorida maosh belgilanadi. Shuningdek, ijodkorlarni maktablarga biriktirish va ularga shart-sharoit yaratishni shaxsan tuman va shahar hokimlarining o‘zlari nazoratga oladi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bu ishlarni tashkillashtirishga amaliy yordam beradi.
Yuqoridagi holat quloqqa kulgili yoki achinarli tarzda eshitilishi mumkin. Biroq nega aynan direktor uning kelgan kuniga qarab maosh belgilagan, aslida ishiga qarash kerakmasmidi?
Baʼzi maktablarda direktorlar ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchini o‘zining “matbuot kotibi”ga, piarchisiga aylantirib olgan. Unga gazetalarda maqolasini chiqarib berishi, maktabni televideniye orqali yoritilishini taʼminlash talabini qo‘yish holatlari uchraydi.
— Bugungi kunda maktablarda ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar faoliyati tufayli o‘quvchi-yoshlarni adabiyotga, ijodga qiziqtirish borasida ijobiy o‘zgarishlar yuz bermoqda. Umuman olganda, ijodkorlarning maktablar bilan aloqasi borasida ko‘prik yaratildi, mazkur yo‘nalishda yangi tizim paydo bo‘ldi. Lekin bu narsa birdaniga katta samara berishi qiyinroq ekan. Chunki ko‘plab maktablarda maʼnaviyatga eʼtibor o‘ta past darajada ekaniga guvoh bo‘lish mumkin. O‘zim ham poytaxtdagi taʼlim maskaniga biriktirilganman. O‘quvchilar orasida kutubxonaga borish, badiiy asar o‘qish, degan tushuncha deyarli yo‘qolib ketgan. Hatto yozuvchi-shoir kimligi, nima bilan shug‘ullanishini bilmaydigan darajaga borilgan. Ijodkorlarning maktablar rahbariyati tomonidan qabul qilinishi ham qiyin kechmoqda. Chunki ular pedagog xodimlar bilan ishlashga o‘rgangan va mazkur lavozim egalari bilan shu talab nuqtai nazaridan muomala qiladi. Oylik ish haqini “ishga kelgan kuni bo‘yicha to‘layman”, degan holatlar bir emas, ko‘p marta uchramoqda. Axir o‘quvchilarni ijodiy jihatdan rivojlantirishda maktabga necha kun kelib-ketgani muhimmi yoki biror samara bergani? Ularning mashqlarini tahririyatlarga tanishtirish, matbuotda eʼlon qilinishiga yordam berish, onlayn guruhlar, elektron nashrlar tashkil etib, ijodiy muhit yaratish va hokazo yumushlar bor. Poytaxtdagi maktab direktorlari bilan ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar faoliyati bo‘yicha shaxsan o‘zim muloqotda bo‘lib turaman va bu masalalarni ularga tushuntirishga, targ‘ibotchi ijodkorlar bilan to‘g‘ri munosabat o‘rnatishiga harakat qilaman. Buni qabul qiladiganlari ham, qaysarlik bilan o‘z fikrida turib oladiganlari ham bor. Shu tufayli bir necha taniqli ijodkorlar bu lavozimni tark etish holatlari bo‘ldi. Demak, ahvol to‘liq joyiga tushib ketishi uchun hali vaqt kerak bo‘ladi. - deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi masʼul xodimi Maʼmura Zohidova.
Muxtasar aytganda, maktablardagi ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar faoliyatida jiddiy muammolar mavjud. O‘quvchilardan oldin taʼlim mutasaddilarini ijodga qiziqtirish borasida ish olib borgan maʼqulga o‘xshaydi. Xalq taʼlimi vazirligi bu borada tashabbusni boshlab bersa yomon bo‘lmasdi.
Olamgir Abdiyev







