Toshkentda sovrin jamg‘armasi 120 ming dollarlik turnir o‘tkaziladi
Bu O‘zbekiston tarixida bu eng yuqori mukofot jamg‘armasiga ega shaxmat turniri hisoblanadi.

11-16 noyabr kunlari poytaxtimizda shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnir bo‘lib o‘tadi.
Hozirda musobaqada dunyoning 10 dan ortiq davlatidan taniqli grossmeysterlar ishtirok etish istagini bildirgan. Jumladan, taniqli o‘zbekistonlik grossmeyster Rustam Qosimjonov, Sanan Syugirova, Maksim Chigayev, Pavel Pankratov, Mixail Kobali, Vadim Zvyagintsev, Maksim Matlakov (Rossiya), Shant Sarkisyan (Armaniston), Ehsan Gayem Magami (Eron), Vyacheslav Zarubitskiy (Belarus), Xans Niyemann (AQSH), Aleksandr Moiseenko, Anton Sitnikov, Viktor Dmitrenko, Dmitriy Mishchuk (Ukraina) kabi nufuzli shaxmatchilar ishtirok etishi kutilmoqda.
11-noyabr kuni ishtirokchilar blits, 13, 14 va 16 noyabr kunlari esa ikki turdan iborat bahslarga kirishadi. Musobaqada FIDE reytingida 2021-yil 1-oktabr holatiga ko‘ra, 1800 va undan yuqori ball to‘plagan erkak shaxmatchilar hamda ushbu reytingda 1600 va undan yuqori ball to‘plagan ayol shaxmatchilar ishtirok etishlari mumkin.
Musobaqaning umumiy sovrin jamg‘armasi 120 ming dollarni tashkil etadi.
Avvalroq xalqaro shaxmat kuni munosabati bilan yangi jurnal chop etilgani haqida xabar berilgandi.
Jamshidbek Amirov







