Samarqandda o‘quvchini kaltaklagan o‘qituvchi ishdan olindi
Payariq tumanidagi maktablarning birida matematika o‘qituvchisi o‘quvchini tayoq bilan urgani aytilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Payariq tumanida yashovchi fuqaro Mavluda G‘ofurovaning murojaat tarqaldi. Murojaatchining aytishicha, 8-sinfda o‘qiydigan o‘g‘li O.Y. ni matematika fani o‘qituvchisi kaltaklagan.
Farzandim hojatxonaga borib kelayotganda qo‘ng‘iroq chalinib qolgan. O‘rtog‘i bilan darsga kechikib kirgani uchun o‘qituvchisi xipchin bilan savalagan. Natijada, bolamning oyoqlari ko‘karib ketgan. O‘qituvchi tayog‘i singach, yana boshqasini olib savalagan.
Men bolalarimni o‘qishga yuboraman, kaltaklanishi uchun emas. Nima uchun bolamni uradi? Ustozlari dars bersin, urmasin! Shunchalik vahshiy darajada urish mumkinmi? Bunga kim chora ko‘radi? Bunday vahshiy o‘qituvchilar bizga kerakmas, – deydi murojaatchi ayol.
Shundan so‘ng, “Daryo” mazkur murojaat yuzasidan Samarqand viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi bilan bog‘langan. Muassasa Mavluda G‘ofurova murojaatini ishchi guruh bilan borib o‘rgangan.
Maʼlum bo‘ladiki, mazkur holat Payariq tuman xalq taʼlimi bo‘limiga qarashli 75-umumtaʼlim maktabida yuz bergan. Ushbu hatti-harakat ishchi guruh aʼzolari va 8-sinf o‘quvchisi Y.O. ning ota-onasi ishtirokida o‘rganilgan. Maktabda matematika fani o‘qituvchisi Sh.N. haqiqatdan ham bolalarni kaltaklagani aniqlandi.
Natijada, pedagogga xos bo‘lmagan mazkur holatni sodir etgani uchun matematika fani o‘qituvchisi Sh.N.ga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilib, vazifasidan ozod etildi.
Avvalroq Toshkentda imkoniyati cheklangan qizni kaltaklagani uchun qidiruvga berilgan 27 yoshli yigit ushlangani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







