O‘zbekistonda aholining necha foizi asosan oylik maosh bilan kun ko‘rishi ochiqlandi
Mazkur so‘rovnomada to‘rtta viloyat aholisi tadbirkorlik orqali pul topishini maʼlum qilgan.

Mavzu bo‘yicha aholining turli guruhlari ishtirokida isteʼmol kayfiyatini o‘rganish bo‘yicha so‘rovlar o‘tkazildi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda aholining 70 foizi asosan oylik maoshga kun ko‘rishi maʼlum bo‘ldi. Bu haqda bank Matbuot xizmati xabar berdi .
So‘rovnoma ishtirokchilarining qariyb 70 foizi daromadlarining asosiy manbai oylik ish haqi, 15 foizga yaqini esa tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadlarga to‘g‘ri kelishini taʼkidlashgan.
Xorijdan pul o‘tkazmalarni qayd etgan respondentlar ulushi esa 3,4 foizga teng. Shuningdek, maʼlum hududlar bo‘yicha rasmiy oylik ish haqi asosiy daromad manbai ekanligini ko‘rish mumkin.
Xususan, Toshkent shahri (68,8 foiz), Buxoro (61 foiz), Andijon (58,7 foiz) va Toshkent viloyatlari (58,1 foiz) respondentlari javoblarida oylik maoshning asosiy daromad sifatida yuqori ulushi ma'lum qilingan.
Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni qayd etgan respondentlarning katta qismi Navoiy, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Namangan va Xorazm viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keldi. So‘rov natijalariga ko‘ra, jami respondentlarning katta qismi, yaʼni 60 foizi kelgusi oylarda yangi kredit olishga ehtiyojlari mavjudligini ham taʼkidlashgan.
2021-yilning II choragida respondentlarning daromadi 1-3 million so‘m tashkil etuvchi qismi kreditga bo‘lgan talabi yuqoriligini yozishgan bo‘lsa, III chorakda 3-5 million so‘m va 5-7 million so‘m daromadli respondentlarda ham kreditlarga bo‘lgan ehtiyoj sezilarli darajada ortganligi kuzatildi.
Umumiy tahlillarga ko‘ra, aksariyat respondentlar (45 foiz) o‘z jamg‘armalarini 3 oygacha yetishi mumkinligini taʼkidlab o‘tishgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq eng ko‘p va eng kam maosh kimlarda bo‘lishi hamda O‘zbekistonda eng ko‘p haq to‘lanadigan yo‘nalishlar maʼlum qilingani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







