Xorazmda bloger 15 sutkaga qamaldi
U Muruvvat uyida shovqin ko‘tarib, bemorlarni bezovta qilgan.

Xiva shahrida tug‘ilgan 35 yoshli muqaddam maʼmuriy javobgarlikka tortilgan Sh.O., 26 iyul kuni Muruvvat uyiga borib, muassasa rahbariyatining “begona shaxslarning kirishi taqiqlanishi” haqidagi ogohlantirishlariga qaramay, muassasada shovqin-suron ko‘targan. Shuningdek, o‘zining mobil telefonidan foydalanib, jarayonni videotasvirga olib, videotasvirni YouTube'dagi sahifasiga joylashtirgan holda vasiylikka olinuvchilarning shaxsiy maʼlumotlarini oshkor etilishiga sababchi bo‘lgan.
Sh.O. chaqiruv asosida voqea joyiga yetib kelgan mahalla profilaktika inspektori B.A.ning qonuniy talabini ham bajarmagan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘ot tuman sudi qaroriga ko‘ra, u MJtKning 46²-moddasi (shaxsga doir maʼlumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish), 54-moddasi 2-qismi (epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish), 183-moddasi (mayda bezorilik), 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi va 200-moddasi (o‘zboshimchalik)da nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, uzil-kesil 15 sutka muddatga maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.
Avvalroq 15 sutkaga qamalgan bloger o‘z faoliyatini yakunlagani hamda Mualliflik huquqlarini buzgan Sanjay maʼmuriy javobgarlikka tortilgani haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva







