"O‘zbek kinosining kuchli ekanligi bizni juda quvontirdi" — Axmet Misbax
Turkiyada o‘zbek kinosanoatidagi islohotlar haqida taqdimot bo‘lib o‘tdi.

Istanbulda Turk dunyosi birinchi xalqaro kinokonferensiyada "Korkut ata" Turkiy mamlakatlar kinofestivali doirasida o‘tkazilgan bo‘lib, unda o‘zbek kinosidagi bugungi natijalar va islohotlar haqida taqdimot qilindi.
Shuningdek, Turkiya madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Axmet Misbax "Korkut Ata” festivali boshqa turkiy davlatlarda ham o‘tkazilishini maʼlum qildi:
— Turkiy davlatlar bilan hamkorligimiz, kino orqali o‘rnatayotgan munosabatlarimiz yana-da mustahkam bo‘ladi albatta. O‘zbek kinosi va kino ijodkorlari haqiqatdan ham kuchli va o‘zbeklar kinofilmlarni juda ajoyib ishlashadi, biz sizni olqishlaymiz. O‘zbekistonning Buxoro, Samarqand, Toshkent kabi shaharlariga borganmiz. Vataningizga muhabbatimiz boshqacha. O‘zbek kinosining kuchli ekanligi bizni juda quvontirdi. Barcha aktyorlarimizni, prodyuserlarimizni O‘zbekiston kinosi lol qoldirmoqda.
Ozarbayjon kinematografiya departamenti rahbari Rufat Gasanov ham kinofestival haqida o‘z fikrlarini bildirdi:
– Bir oy avval biz O‘zbekistonda katta delegatsiya bilan “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalida bo‘ldik. Mukofot ham oldik. Kinematografiya agentligi bilan “Xo‘ja Nasriddin” kinoloyihasi yuzasidan o‘zaro hamkorlikdagi memorandumni ham imzoladik. Bu loyihaning muallifi Ozarbayjon xalq artisti Vagif Mustafayev. Umid qilamizki, bu loyiha nafaqat O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida, balki butun turkiy davlatlar o‘rtasidagi qaldirg‘och bo‘ladi.
Firdavs Abduxoliqov, O‘zbekiston Kinematografiya agentligi Bosh direktori:
– Turkiy davlatlarning mazkur kinofestivalida o‘zbek kinoijodkorlari delegatsiyasi faol ishtirok etmoqda. Biz shunchaki bu jarayonning tomoshabini emas, balkim faol ishtirokchisi bo‘ldik. Alohida taʼkidlash kerakki, bunday festivallar Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlarda ham o‘tkazilishi quvonarli.
O‘zbekiston kinosanoati, VGIK filialining ochilishi, kinomuzey va kinofondning ochilishi va boshqa yangiliklarni, shuningdek, afsonaviy “O‘zbekfilm” kinostudiyasining rekonstruksiya qilingani hamda boshka muxim maʼlumotlar festival ishtirokchilarida juda katta qiziqish uyg‘otdi.
Maʼlumot uchun: bugun Turkiyada o‘zbek kinosi kunlari bo‘lib o‘tmoqda. Unda Rashid Malikovning “Tutqunlik” filmi namoyish etiladi. Shuningdek, “Ilhaq” hamda "Xalq jasorati" filmlari Turkiya telekanallarida efirga uzatiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “Vatan” kinostudiyasi “Chegara” badiiy filmini suratga olishni boshlagani, “Devyatayev” badiiy filmi kino ixlosmandlari eʼtiboriga havola qilingani hamda Toshkentda Butunrossiya kinematografiya instituti filiali ochilgani haqida xabar berilgandi.







