Jamiyat

So‘nggi paytlarda daraxtlarning noqonuniy kesilishi nega ko‘paymoqda?

Tahlilda Siz daraxtlarni qay holatlarda kesish qonuniy tarzda amalga oshirilishini bilib olishingiz mumkin.

So‘nggi paytlarda daraxtlarning noqonuniy kesilishi nega ko‘paymoqda?

 

Maʼlumki, 9 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha masalalar ko‘rib chiqilgandi.

 

Loyihaning umumiy mazmuni har bir hududda daraxtlar ekilishini ko‘paytirish, bu ishga mutasaddi tashkilotlarning rahbarlarini masʼulligini oshirish kerakligini taʼkidlab o‘tdi.

 

Ammo, shunga qaramasdan tabiatga zarar yetkazish, undagi tabiiy boyliklarni isrof qilish, ayniqsa, daraxtlarning noqonuniy kesilishida juda ko‘p holatlar kuzatilayotgani achinarli hol.

 

Yaqin kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Oqtosh qishlog‘i hududida 53 tup ko‘p yillik daraxtlar noqonuniy kesilganligi haqida xabar tarqaldi. 

 

Aniqlanishicha, o‘sha hududda o‘sish holatida bo‘lgan jami 56 tup daraxt kesib tashlangan.

 

Ularning 53 tupi shumtol, 2 tupi baqaterak, 1 tup qizil do‘lana daraxtlari noqonuniy ravishda kesib tashlangan.

 

Buning oqibatida, nomaʼlum shaxclarning g‘ayriqonuniy hatti-harrakatlari  tabiatga  288 mln 792 ming so‘m miqdorda zarar yetkazgan.

 

Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

 

O‘simlik dunyosiga qariyb 300 mln so‘m zarar yetkazgan shaxslarning ishi prokuraturaga oshirildi.

 

Maʼlumot o‘rnida, joriy yil 24 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan va unda Prezident daraxtlarni kesishga moratoriy 2024 yilga qadar uzaytirilganini hamda bu boradagi javobgarlik keskin kuchaytirilishi belgilangandi.

 

Statistik maʼlumotlarga nazar tashlasak, 2019 yilning hozirgi davriga qadar respublika bo‘yicha daraxtlarni noqonuniy kesish bilan bog‘liq 3 mingdan ortiq holat aniqlangan. Qonunbuzarlik reytingida Surxondaryo viloyati “tashabbus” ko‘rsatgan. bu raqamlar yildan-yilga oshib bormoqda.

 

Ammo, yana bir muammo bugungi kun uchun dolzarbligini yo‘qotmagan va so‘roq ostida qolmoqda. Yaʼni raqamli iqtisodiyot dasturi doirasida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi daraxt va butalarni kesish bo‘yicha ruxsatnomalar reyestrini yuritishi, uni o‘z rasmiy veb-saytiga joylashtirishi belgilangan bo‘lsa-da,  lekin bu tartibning asosiy funksiyalarida oqsash bo‘layotgani maʼlum bo‘ldi.

 

Ho‘sh, ushbu tartib nimaga hizmat qilishi kerak?

 

Uning asosiy vazifasi, shahar va aholi punktlarida daraxtlarni parvarish qilish, ulardagi turli kasalliklarga qarshi kurashish faoliyatini nazorat qilish, buning  natijasida daraxt va butalar biologik, sanitariya jihatidan  atrof-muhit uchun qay darajada foyda yoki zararligini aniqlashdan iborat.

 

Unda biz qachon  daraxtlarni  kesishni  qonuniy tarzda amalga oshirishimiz mumkin? Bu borada aholining huquqiy madaniyati va savodxonligi shakllangani juda muhimdir.

 

Qayd etilishicha, daraxtlarni xatlovdan o‘tkazish har 5 yilda bir marta o‘tkaziladi. Xatlovni o‘tkazish uchun har bir hududda mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari qabul qilinadi. Xatlov o‘tkazishda 100 yoshdan oshgan daraxtlar aniqlansa, ularni tabiat yodgorliklari sifatida muhofazaga olish uchun alohida reyestr yuritiladi.

 

Shuningdek, shamol, qor yoki boshqa tabiiy jarayonlar taʼsirida sinishi natijasida odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga hamda mol-mulkiga xavf solayotgan holatlarda kesiladi.

 

Daraxtlar va butalarni kesish, shu jumladan, sanitariya maqsadida kesish ishlari mahalliy davlat hokimiyati organlarining obodonlashtirish boshqarmalari yoki ushbu turdagi xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan to‘lov evaziga amalga oshiriladi. 

 

Baʼzan qog‘oz-qog‘oz hisobotlarda  daraxtlar holati uchun javobgar mutasaddi tashkilotlar kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish ishlari 100 foizga bajarildi, degan raqamlar keltiriladi. Biroq, bu muammoning yechimi qog‘ozda emas, amalda o‘z isbotini topishi kerak.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ko‘p qavatli uylarga tutash hududlardagi yashil maydonlarda qurilish qilishga ruxsat berilmasligi hamda Endi daraxt ekish va parvarishlash masalalariga shahar hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari masʼul bo‘lishi haqida xabar berilgandi.

 

 

Cho‘lponoy Ahmedova

So‘nggi paytlarda daraxtlarning noqonuniy kesilishi nega ko‘paymoqda? | Zamon.uz