“Ipak yo‘lida” filmi xalqaro kinofestivalda g‘olib bo‘ldi
Kinofestival 2015-yildan buyon har yili AQSHda o‘tkazilib kelinadi.


Unda Osiyo mintaqasining eng sara filmlari ishtirok etadi.
Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “Yoshlik” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan “Ipak yo‘lida” qisqa metrajli filmi joriy yilning 1-11 noyabr kunlari AQSHning Los-Anjeles shahrida o‘tkazilgan AWFF-2021 ("Asian World Film Festival") xalqaro kinofestivalida “Osiyoning eng yaxshi qisqa metrajli filmi” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘ldi.

Kinematografiya agentligi axborot xizmatining xabar qilishicha, mazkur kinokartina “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali dasturidagi “Kino 5 kunda” yosh rejissyorlar loyihasida suratga olingan. Kinofestivalning bosh sovrini “Gran-Pri” hamda "Eng yaxshi aktyor" nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

Maʼlumot uchun: csenariy muallifi Shohjahon Subhonov, postanovkachi rejissyor Sherzod Nazarov, postanovkachi operator, Diyor Ismatov, rassom Erkin Hushmatov, badiiy rahbar Ali Hamroyev.

Yosh rejissyor Sherzod Nazarovning “Ipak yo‘lida” kinokartinasi borasida HFPA (Hollywood Foreign Press Association) hakamlar hayʼati aʼzosi Mari Ruhban quyidagi fikrlarni bildirdi:
“Yosh o‘zbek rejissyorining "Ipak yo‘lida" filmi menga juda yoqdi. Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi Rim va Xitoy sivilizatsiyalarini, G‘arb va Sharqni bog‘lovchi Buyuk Ipak yo‘li o‘tgan markaziy davlatlardan biridir. Mazkur filmdagi voqea esa abadiydir. Film ajoyib va biz uning ijodkorlarini sharaflashdan mamnunmiz!”
Film muallifi Sherzod Nazarov Kinematografiya agentligi yosh kinoijodkorlarni qo‘llab-quvvatlayotgani natijasida uning filmlari turli festivallarda g‘oliblikni qo‘lga kiritayotganini qayd etdi:
“Xalqaro maydonda g‘olib bo‘lganimizdan judayam xursandman va bu jamoam uchun ham katta yutuq, deb o‘ylayman. Meni qo‘llab-quvvatlagan barcha ustozlarimdan minnatdorman. Shu bilan birga, mazkur film 16-21 dekabr kunlari Rossiyada bo‘lib o‘tadigan "Moskovskaya Premyera" xalqaro kinofestivali dasturidan ham o‘rin olgan.
Men ilk bor “Debyut-2020” kinofestivalida “Sartarosh” nomli filmimni suratga olgandim. Bu yili “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalida “Ipak yo‘lida” qisqa metrajli filmi hamda “Bobom 90 yoshda” hujjatli filmida suratga oldim. Mazkur loyihalar kinofestivalda mukofotlarni qo‘lga kiritgan. Kinematografiya agentligiga ham alohida minnatdorchilik bildiraman. Bu yutuqlar agentlikning yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashi natijasidir. Biz kabi yosh kinoijodkorlarga bunday imkoniyatlardan judayam mamnunman va yosh ijodkorlar uchun yana-da katta shijoat bag‘ishlashiga ishonaman!”
Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov yosh ijodkorlarni rag‘batlantirish borasida so‘zladi:
Kinematografiya agentligi tomonidan yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga berilayotgan rag‘batlar va eʼtibor yana davom ettiriladi. Joriy yilning yakunida yangi isteʼdodlarni kashf qilish, sohada mahoratli yoshlar uchun ijodiy imkoniyatlar yaratish maqsadida yoshlar kinofestivali ham o‘tkaziladi. O‘ylaymanki, bularning barchasi o‘zbek kinosida yangi isteʼdodlar tug‘ilishiga zamin yaratadi!”
Agentlikning “Yoshlik” kinostudiyasi direktori Aziz Qurbonov kinostudiya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zladi:
Kinostudiya tomonidan 2021-yilda 48 ta qisqa metrajli film, Zumrasha kinojurnalining 3 ta soni, 1 ta buyurtma asosidagi hujjatli film, 12 ta ijtimoiy rolik ishga tushirilgan. Hozirda bundan tashqari 11 ta qisqa metrajli film, 2 ta buyurtma asosidagi hujjatli film ustida yosh ijodkorlar tomonidan ish olib borilmoqda. Bu ko‘rsatkichlar o‘tgan 2020 yilning shu davriga nisbatan 5 barobarga ortiq.

Kinostudiyada 2019-yilda 600 million so‘mlik moddiy texnik baza, 2021-yilga kelib, 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘lar ajratilib, zamonaviy kino qurilmalari olindi. Bularning barchasi yosh kinoijodkorlar uchun yangi imkoniyatlar berish uchundir. Yosh rejissyor Sherzod Nazarovning "Ipak yo‘lida" filmi Toshkent xalqaro kinofestivalida “Gran-pri” mukofotiga loyiq deb topilib 15 000 AQSH dollari miqdoridagi pul mablag‘i bilan taqdirlandi. Bu ham yosh ijodkorlarning sohada erishayotgan katta yutuqlaridan dalolat".
AQSHda o‘tgan AWFF-2021 kinofestivali tomonidan mazkur filmga maxsus statuetkasi hamda 5 000 AQSH miqdoridagi pul mukofoti topshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Turkiy tilli davlatlar kinofestivalida O‘zbekiston 3 ta mukofotni qo‘lga kiritgandi.
Avvalroq Turkiyada “O‘zbek kinosi kuni” bo‘lib o‘tgani, “Ikki yo‘l” qisqa metrajli filmi suratga olingani hamda O‘zbekiston kinematografiya agentligi Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston davlatlari bilan kelishuvga erishgani haqida xabar berilgandi.







