15-21 noyabr kunlari O‘zbekistonda “Bag'rikenglik haftaligi” o‘tkaziladi
BMT Bosh Assambleyasining qaroriga muvofiq, 1997-yildan buyon butun dunyoda har yili 16 noyabr "Xalqaro bag‘rikenglik kuni" sifatida nishonlanib kelinadi.

Bugun, 16-noyabrda Toshkentda Bag‘rikenglik haftaligi doirasida millatimizning timsoli, mehr-shafqat ramzi hisoblangan Shoaxmad Shomaxmudovlar oilasi monumenti poyiga gul qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Turizm va sport vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi, mutasaddilari, milliy madaniyat markazlari va do‘stlik jamiyatlari raislari hamda faollari, sportchilar, poytaxt jamoatchiligi, yoshlar, shuningdek, OAV vakillari ishtirok etishdi.
O‘zbekistondagi Rus milliy-madaniy markazi raisi o‘rinbosari Tatyana Alimxodjayeva shunday deydi:
“Mamlakatimizda har bir fuqaro o‘z ertangi kuniga qayg‘urmasligi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Bu borada Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari mamlakatlarimiz farovonligi yo‘lida tamaltosh vazifasini bajarishini bir necha marotaba taʼkidlaganining guvohimiz. Bag‘rikenglik kunini mamlakatimizda istiqomat qilayotgan ko‘pgina millatlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmatning o‘ziga xos ifodasi sifatida qabul qilishimiz mumkin. Shomaxmudovlar oilasi haykali poyiga gul qo‘yish eng qadrli jihatlarimizning aks ettiruvchi muhim tadbir hisoblanadi”.
Toshkentdagi Xalqlar do‘stligi maydonida 15 ta millat farzandining boshini silagan Shoaxmat Shomaxmudovlar oilasi sharafiga Xalqlar do‘stligi monumenti o‘rnatilgan.Shuningdek, mazkur haftalik “O‘zbekiston – bag‘rikeng zamin” shiori ostida tashkil etiladigan turli madaniy-taʼrifiy tadbirlardan iborat bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Toshkent yoshlarni sevadi” festivali faol qatnashgan yoshlarning 10 nafari Fransiyada o‘qishi haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







