Jamiyat

Mahsulot reklama qilinayotganda davlat ramzlaridan foydalanish taqiqlanadi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida "Reklama to‘g‘risida"gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Mahsulot reklama qilinayotganda davlat ramzlaridan foydalanish taqiqlanadi


Hujjatda bevosita mualliflik huquqiga taʼsir qiluvchi, pornografiya tusidagi axborotlardan, davlat ramzlaridan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar “Reklama to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqishmoqda. Bunga mazkur qonunning ko‘pdan buyon keng jamoatchilik eʼtiborini tortgani sabab bo‘lgan.

 

Taʼkidlanishicha, yangi tahrirda qabul qilinishi kutilayotgan “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, reklamaga oid faoliyat subyektlarining birlashmalariga vakolatlar berish ko‘zda tutilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad, fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirish va reklama sohasida jamoat nazorati tizimini samaradorligini oshirishdir.

 

Maʼlum bir sohaning o‘zini-o‘zi tartibga solish tizimini rivojlantirish uchun ham mazkur vakolatlar foydali bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, mazkur normativ-huquqiy hujjat bilan reklama beruvchilar, tayyorlovchilar hamda tarqatuvchilarning sohadagi huquq va majburiyatlar, reklamaga qo‘yiladigan asosiy talablar ham ko‘rsatib o‘tilmoqda. Agar ushbu talablar buzilsa, jazo choralari belgilanishi mumkin.

 

Reklamaga qo‘yilgan talablar deyilganda — jinsiy, irqiy, milliy, diniy kamsitish, fuqarolarning sog‘ligi va hayotiga zarar yetkazuvchi harakatlarni sodir etishga chaqirish nazarda tutiladi.

 

Qonun loyihasiga ko‘ra, professional taʼlim sohasida foydalaniladigan darsliklar, kundaliklar va boshqalarga reklama joylashtirish taqiqlanadi.

 

Milliy madaniyat va urf-odatlarga, axloq va maʼnaviyatning umumeʼtirof etilgan meʼyorlariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish ham taqiqlangan hatti-harakatlar sirasiga kiradi.

 

Eslatma! Reklama va OAV sohasida faoliyat yuritadigan tadbirkorlar uchun ortiqcha byurokratik to‘siqlar hamda ularning faoliyatiga ortiqcha aralashuvlarning oldini olish maqsadida ayrim normalar bekor qilindi.

 

Olamgir Abdiyev

Mahsulot reklama qilinayotganda davlat ramzlaridan foydalanish taqiqlanadi | Zamon.uz