Abituriyentlarning maktabdagi baholari OTMga kirishda hisobga olinadi
Vazirlar mahkamasi qaroriga ko‘ra maktab o‘quvchilarining 6 yillik baholari OTM ga kirishda rol o‘ynaydi.

19-noyabr kuni 696-sonli qarori bilan tasdiqlangan "Taʼlim tashkilotlari bitiruvchilari baholarining o‘rtacha ko‘rsatkichini hisoblash va uni oliy taʼlim tashkilotlariga kirish imtihonlarida inobatga olish tartibi to‘g‘risida"gi nizomga muvofiq, maktab o‘quvchilari shahodatnomasidagi 11 yillik taʼlimning so‘nggi 6 yillik baholari OTM ga kirishdagi ballga qo‘shiladi.
Baholar elektron platformalar orqali hisoblanib, Davlat test markazining “ABITUR” dasturiga yuboriladi. Baholarning o‘rtacha ko‘rsatkichi 6-11 sinflardagi yoki 6-9 sinflar va 1-2 bosqichlardagi yillik baholarning umumiy yig‘indisini o‘qitilgan fanlarga bo‘lish orqali hisoblab chiqariladi.
Maksimal ball 100 foiz deb olinadi va ballar baho tizimiga quyidagicha o‘tkaziladi:
- 86-100 % uchun – 5 baho;
- 71-85 % – 4 baho;
- 56-70 % – 3
- 56 % gacha – 2 baho.
Ushbu tartib 2022-2023-o‘quv yilidan boshlab amalga joriy etilishi taʼkidlanmoqda.
Avvalroq, talabalar uchun qayta topshirish to‘g‘risidagi arizalar yig‘ilishiga qarab bir o‘quv yilda ikki martagacha davlat imtihonlarini qayta topshirish imkoniyati yaratilgani haqida xabar berilgandi.







