Jamiyat

“...Qonunchilik palatasidan so‘rang, do‘stim. Bizda yo‘q...”

Senator Narimon Umarov "Davlat tili to‘g‘risida"gi qonun yangi tahrirda Senatga hali kirmaganini maʼlum qildi.

“...Qonunchilik palatasidan so‘rang, do‘stim. Bizda yo‘q...”

 

Yangi tahrirdagi “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun 2021-yil 26-iyun kuni Senat yalpi majlisida maʼqullangandi.

 

Maʼlumki, 19-noyabr kuni AOKA majlislar zalida Oliy Majlis Senati aʼzolari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda jurnalist Senat tomonidan 5 oy oldin maʼqullangan “Davlat tili to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunning  qachon amaliyotga tatbiq qilinishi haqida so‘ragan. Shunda senator Narimon Umarov:

 

“Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda bizga kirmagan. Buni kimlardir ishlayotganidan xabarimiz bor. Lekin bu hali loyiha sifatida ham ko‘rilmagan. Maʼlumotingiz uchun, Qonunchilik palatasidan bizga hali kirib kelmagan” – deya bu savolga javob berishni keskin rad qildi.

 

Bundan tashqari, Senat aʼzosi:

 

“Biz kecha-kunduz Senatda o‘tirib ishlaymiz, siz esa yodingizga bir kelganda Senat bilan gaplashasiz. Kirgan bo‘lsa, aytardik. Kirgan derdik. Qonunchilik palatasidan so‘rang, do‘stim. Bizda yo‘q. Nima, yosh bolaga o‘xshab bir-birimizni aniqlashtiramizmi endi? Kimdir saylov oldidan qonunda o‘zgarish qilaman deb yuribdi, lekin bu hali o‘zgarish degani emas. U qonun hali kirishi kerak, loyiha sifatida qabul qilinishi kerak”.

 

Vaholanki, mazkur anjumanda 10 dan ortiq senator ishtirok etgan. Ammo ular sukut saqlashni maʼqul ko‘rgan.

 

Maʼlumot uchun: “O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini Qonunchilik palatasi shu yilning 24 mart kuni qabul qilgan. Qonun 26-iyun kuni Senatning 16-yalpi majlisida muhokama qilingan va maʼqullanganligi Senatning rasmiy saytida eʼlon qilingan.

 

Konstitutsiyaning 84-moddasida Senat maʼqullagan qonun imzolanishi va eʼlon qilinishi uchun 10  kun ichida Prezidentga yuboriladi. Qonun prezident tomonidan 30 kun ichida imzolanadi va eʼlon qilinadi.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Senat tomonidan ikki nafar sudya Oliy sud sudyaligiga tasdiqlangani hamda  joriy yil uchun davlat byudjeti xarajatlariga oid hujjat tasdiqlangani haqida xabar berilagndi.

 

Cho‘lponoy Ahmedova

“...Qonunchilik palatasidan so‘rang, do‘stim. Bizda yo‘q...” | Zamon.uz