Majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan mansabdorlar 736 million so‘m jarimaga tortildi
18 holatda yuqori turuvchi tashkilotlarga taqdimnomalar kiritilgan hamda 1 holatda hujjatlar sud organlariga, 4 holatda prokuratura organlariga yuborilgan.

Joriy yilning 10 oyida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan 62 nafar mansabdor shaxsga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi bilan 736,1 million so‘m miqdorida jarima qo‘llanilgan.
Paxta yig‘im-terimi mavsumida jami 13 419 ta monitoringlar olib borilgan bo‘lib, mehnat qonunchiligini buzganligi uchun 65 nafar mansabdor shaxsga jami 198,4 million so‘m miqdorda maʼmuriy jarima tayinlangan. Bunda 5 holatda majburiy mehnat bo‘yicha, 21 holatda mehnat shartnomasi tuzilmaganligi, 25 holatda mehnat sharoitlari yaratilmaganligi, 14 holatda terim pullarining o‘z vaqtida to‘lamaslik faktlari aniqlanib, mansabdor shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan 48 holat yuzasidan yozma ko‘rsatmalar kiritilgan.
Mehnatni muhofaza qilish talablari taʼminlash yuzasidan qonunbuzilishlar sohalar bo‘yicha tahlil qilinganda:
➖ xalq taʼlimi tizimidagi tashkilot va umumtaʼlim maktablarida 8 386 ta;
➖ maktabgacha taʼlim muassasalarida 6 520 ta;
➖ tibbiyot muassasalarida 2 770 ta;
➖ qurilish sohasida 2 473 ta;
➖ qishloq xo‘jaligida 497 ta;
➖ oliy va o‘rta maxsus taʼlim muassasalarida 803 ta;
➖ sanoat korxonalarida 679 ta;
➖ transport sohasida 517 ta;
➖ savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalarida 229 holatda mansabdor shaxslar tomonidan xodimlarning huquqlari buzilgan.







