Nohaq ishda rivoj yo‘q
Zangiota tumanida taniqli kompaniya brendi ostida tanilgan kir yuvish kukunini qo‘lbola usulda tayyorlab sotayotgan yashirin sex aniqlandi.

Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining rasmiy тelegram-kanalida maʼlum qilindi.
“The Procter & Gamble” kompaniyasi ishonchli vakilining murojaatiga asosan tuman DSI bilan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro E.T. o‘zining yashash xonadonida yashirin sex tashkil qilib, har biri 2 kg. dan qadoqlangan polietilen qoplarda “Ariel”, “Tide”, “Persil” va “Mif” nomli brendlar ostida qalbakilashtirilgan kir yuvish kukunlarini ishlab chiqarilayotganligi aniqlandi.
Shuningdek, ashyoviy dalil sifatida ushbu xonadondan 4 540 kg yarim tayyor mahsulotlar, 146 dona kir yuvish kukuni, 111 dona turli brend nomlari tushirilgan polietilen paketlar, 2 dona qadoqlash uskunasi va o‘lchash tarozi borligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 149-moddasi (mualliflik yoki ixtirochilik huquqlarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq qalbaki PZR-test natijalarini sotish bilan shug‘ullangan guruh aniqlangani hamda yangi yo‘l shahrida qalbaki pul tayyorlagan shaxslar ushlangani haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva







