Maʼmuriy hujjatlar og‘zaki, belgili, imo-ishora shaklida ham qabul qilinishi mumkin
Bu tartib “Maʼmuriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining yangi qonun loyihasida taʼkidlab o‘tilgan.

Eslatma. Mazkur qonun loyihasi joriy yilning 24 sentyabrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishdayoq maʼqullangan.
“Ushbu Qonun maʼmuriy organlar tomonidan fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga nisbatan maʼmuriy qaror qabul qilishida qonuniylikni taʼminlashga xizmat qiladi”, - deyiladi vazirlik axborotida.
Qonun loyihasiga bir nechta muhim o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lib, ulardan biri maʼmuriy tartib-taomillarning yagona huquqiy asoslari belgilanganligi, qo‘llanilish sohasi kengaytirilganligidir.
Hujjatga binoan, keyingi jarayonlarda “maʼmuriy hujjat” tushunchasi kengroq maʼnoga ega bo‘lgan “maʼmuriy akt”ga o‘zgartirilgan.
Eng eʼtiborli jihati esa, maʼmuriy hujjatlarni nafaqat yozma, balki og‘zaki, belgili, imo-ishora shaklida ham qabul qilishi mumkinligi hisoblanadi.
Bundan tashqari, Qonunning yangi prinsiplar bilan to‘ldirilganligi, maʼmuriy shikoyat tushunchasiga aniq taʼrif berilganligi, maʼmuriy ko‘maklashish, umumiy vakil, dalillarni so‘rab olish institutlari kiritilganligini ham alohida qayd etish lozim.
Endilikda kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga asoslanib, protsessual hujjatni qabul qilish tartibi va mexanizmlari ishlab chiqilmoqda. Shu bilan birga, maʼmuriy ish yuritish ishtirokchilaridan maʼmuriy organ chiqarilib, maʼmuriy ish yuritishning eng ko‘p muddatlari belgilanmoqda.
Hujjatga Dastlabki maʼmuriy akt tushunchasi ham kiritilgan bo‘lib, u maʼmuriy organ tomonidan yakuniy qaror chiqarishga asos bo‘ladi.
Eng muhim jihatlaridan yana biri, tinglanish imkoniyatining manfaatdor shaxsga maʼmuriy akt qabul qilinishidan oldin berilishidir.
Eslatma. Maʼmuriy aktni bekor qilish va o‘zgartirish mexanizmlari tubdan yangilanib, takomillashtirilgan.
Shuningdek, hujjatlar hamda maʼmuriy harakatlar ustidan sudgacha maʼmuriy tartibda shikoyat berish mexanizmlari tartibi yangi qonunda ko‘rsatib o‘tilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda umummilliy Konstitutsiya imtihoni o‘tkazilishi hamda majburiy emlash to‘g‘risidagi qonun kuchga kirganligi haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







