Navoiyda ohak ishlab chiqarish sexida gaz o‘g‘rilari ushlandi
Ular davlat va jamiyat manfaatlariga 295 million so‘m zarar yetkazgan.

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazdi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Aniqlanishicha, “S.S.” MCHJning gaz taʼminotidan qarzdorligi mavjudligi sababli tarmoqdan uzib quyilgan. Shunga qaramay, MCHJ masʼul shaxslari maxsus tamg‘aga shikast yetkazish orqali gaz hisoblagich uskunasiga qasddan tashqi taʼsir ko‘rsatib tabiiy gazdan foydalanishgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi (Elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryoda Buxoro viloyatining Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga tegishli bo‘lgan uskunani sotishga uringan sobiq sex boshlig‘i va uning sherigi qo‘lga olingandi. Shuningdek, Buxoroda noqonuniy freon gaz ballonlarini olib kirishga bo‘lgan urinishning oldi olingani, Samarqandda gaz quyish shoxobchasi davlatga 1 milliard so‘m zarar yetkazgani, Uchko‘prik tumanida gaz tarmog‘idan noqonuniy foydalangan korxona aniqlangani hamda Samarqand viloyatida qariyb uch milliard so‘mlik tabiiy gaz o‘g‘irlangani haqida xabar berilgandi.







