Shaxsiy garaji buzilgan fuqarolar avtomobil to’xtash joylaridan bepul foydalanishlari mumkin
Bu bo’yicha Vazirlar Mahkamasining qarori bor.

Qarorga ko'ra, fuqarolarning shaxsiy garajlari buzilganda ularga buzib tashlangan garajlari o‘rnida tashkil etiladigan avtomobil to‘xtash joyidan doimiy ravishda bepul biriktirilgan joy beriladi.
Fuqaroga biriktirilgan joyda uning uy manzili va transportning raqami yozilgan tablichka o‘rnatiladi.
Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan uylar yonidagi hududlarda yopiq va ochiq turdagi avtomobil to‘xtash joylarini tashkil qilish mumkin. Avtotransport vositalarini doimiy va vaqtincha saqlash joylari quyidagi talablarga javob berishi kerak:
1) qattiq qoplama, yoritish, axlatni to‘plash uchun konteynyerlar, yong‘inga qarshi vositalar, qattiq shataklar va shatakka oluvchi trosslar mavjudligi;
2) yo‘l harakati xavfsizligi talablarini ta’minlaydigan hududga kirish va undan chiqish uchun maxsus ajratilgan joylarning mavjudligi;
3) hudud to‘silgan bo‘lishi yoxud kirish (chiqish) uchun maxsus ajratilgan joyni aylanib o‘tib hududga erkin kirish (undan chiqish) imkonini bermaydigan boshqa to‘siqlarga ega bo‘lishi;
4) avtomototransport vositalarining erkin kirishi (chiqishi)ni istisno etuvchi shlagbaum (yoki boshqa qurilma) mavjudligi;
5) agar bir necha qatorlarda avtomototransport vositalarini doimiy va vaqtincha saqlash imkoniyati mavjud bo‘lsa, hudud ichida avtomototransport vositalarining harakatlanishi uchun ajratilgan polosalar mavjudligi;
6) kirish (chiqish) uchun ajratilgan joyda nazoratchi-kassirning xonasi (budkasi) bo‘lishi kerak, uning tashqi tomoniga ko‘rinarli joyda avtomototransport vositalarini saqlash xizmatlari ko‘rsatish tariflari va shartlari yirik harflarda yozilgan yozuv joylashtiriladi;
7) avtomototransport vositalarini joylashtirish tegishli sxemasining mavjudligi;
8) avtomototransport vositalarini saqlash xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxs, ish rejimi, telefon raqami ko‘rsatilgan “Pulli avtomobillar to‘xtash joyi” lavhasi mavjudligi;
9) nogironlarning avtomototransport vositalari uchun maxsus jihozlangan kamida ikkita joy mavjudligi.
Avtomototransport vositalarini doimiy yoki vaqtincha saqlash xizmatlari ko‘rsatish uchun yer uchastkalarini ijaraga (subijaraga) berishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Javohirbek Tursunov







