O‘zbekistonda 12-14 yoshli qizlar odam papilloma virusiga qarshi emlanmoqda
Buning uchun joylarga 1 million 400 ming doza vaksina yetkazib berildi.

Ayni paytda mamlakatimizda 12-14 yoshli qizlar o‘rtasida odam papilloma virusiga qarshi emlash jarayoni o‘tkazilmoqda. Bu haqda SSV matbuot xizmati maʼlumot berdi.
Qayd etilishicha, har yili O‘zbekistonda o‘rtacha 1700 nafarga yaqin ayolda mazkur virus sababli bachadon bo‘yni saratoni kasalligi aniqlanadi. Bunga qarshi eng samarali chora xastalikka qarshi emlanishdir.
“Bunday vaksinalar xotin-qizlarning sog‘lom va uzoq umr ko‘rishini taʼminlaydi”, — deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bo‘lim boshlig‘i Dilorom Tursunova.
Maʼlumot uchun: OPV vaksinasining 270 milliondan ortiq dozasi dunyoning 102 mamlakatida qo‘llanilgan. O‘zbekiston ham 2019-yildan ana shu davlatlar safiga qo‘shilgan.
Ayni paytda respublikamiz bo‘yicha vaksinatsiya jarayonlari 3138 ta emlash punktida amalga oshirilmoqda.
Javohirbek Tursunov







