Jamiyat

Nohaq sudlangan fuqaro 6 yildan keyin oqlandi

U IIB xodimi bilan jinoiy til biriktirganlikda ayblangan.

Nohaq sudlangan fuqaro 6 yildan keyin oqlandi

 

Farg‘ona viloyati sudining 2021-yil 25-noyabrdagi ajrimiga binoan nohaq ayblangan fuqaro Rustamjon Mamadaliyev oqlandi.

 

Maʼlum bo‘lishicha, avvaliga u jinoyat ishlari bo‘yicha Buvayda tuman sudining 2015-yil 13-maydagi qarori bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 195-moddasiga asosan 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosiga tortiladi.

 

Maʼmuriy jazo muddati tugagach, R. Mamadaliyev bir sutka mobaynida tuman IIB binosida ushlab turiladi. Ertasi kuni — 2015 yil 29 mayda Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismiga binoan gumon qilinuvchi tariqasida qamoqqa olinadi.

 

Dastlabki tergov organi tomonidan qo‘yilgan ayblovga ko‘ra, R. Mamadaliyev 2014-yil oktyabr oyi boshlarida Buvayda tumani IIB jinoyat qidiruv va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘linmasi tezkor vakili Azizbek Yunusov bilan o‘zaro jinoiy til biriktiradi. Natijada R. Mamadaliyev dala maydonida o‘sgan nasha o‘simligining tanasi va barglaridan uzib olib, kelgusida sotish maqsadida A. Yunusovga bergan. Tezkor vakil ushbu giyohvandlik vositasini xizmat xonasida saqlab kelgan. So‘ng 2014 yil oktyabr oyi o‘rtalarida O‘ktam Ro‘ziqulovga ko‘p miqdordagi “marixuana” giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda 50 000 so‘mga sotgan.

 

Shundan so‘ng har ikkala shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

 

Dastlabki tergov yakunlangach, R. Mamadaliyev jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shtepa tumani sudining 2015-yil 15-sentyabrdagi hukmiga asosan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinadi.

 

A. Yunusovga ham ushbu jinoyat ishi bo‘yicha sudning jazo tayinlangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudi kassatsiya instantsiyasining 2018-yil 15-maydagi ajrimi bilan u aybsiz deb topilib, oqlangan.

 

A. Yunusov oqlanganidan so‘ng R. Mamadaliyevning himoyachisi sudga apellyatsiya shikoyatini taqdim qiladi. apellyatsiya instansiyasi sudida Azizbek Yunusov guvoh sifatida ishtirok etib, jismoniy va ruhiy tazyiqlar ostida dastlabki tergov va birinchi bosqich sudida R. Mamadaliyevni ayblashga qaratilgan yolg‘on ko‘rsatmalar berishga majbur bo‘lganini maʼlum qiladi.

 

Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasida ish qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari yoki sud muhokamasi o‘tkazilgan ish bo‘yicha jinoiy hodisa yuz bermagan bo‘lsa, uning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmasa, uning sodir etilgan jinoyatga daxli bo‘lmasa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi aybsiz deb topilishi va reabilitatsiya etilishi lozimligi belgilangan.

 

Shunga ko‘ra, Farg‘ona viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shtepa tumani sudining 2015-yil 15-sentyabrdagi hukmini bekor qilib, R. Mamadaliyevni aybsiz deb topdi va oqladi.

 

 

Javohirbek Tursunov

Nohaq sudlangan fuqaro 6 yildan keyin oqlandi | Zamon.uz