ADU binosining 4-qavatidan ayol kishi ehtiyotsizlik oqibatida tushib ketdi
Voqea ota-onalar majlisi vaqtida ro‘y bergan.

Andijon davlat universiteti binosining 4-qavatidan ayol kishi ehtiyotsizlik oqibatida tushib ketdi. Bu haqda oliygoh maʼmuriyati xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, bugun soat 14:00 atrofida ijtimoiy-iqtisodiyot fakulteti talabalarining ota-onalari uchun majlis o‘tkazilgan. Yig‘ilish universitetning 1000 o‘rinli binosi 4-qavatidagi kichik majlislar zalida bo‘lib o‘tgan. Talabalardan birining kelinoyisi yig‘ilish bo‘layotgan vaqtda qo‘ng‘iroq bo‘lib qolgani sababli majlisdan chiqib, telefonda suhbatlashgan.
Ayni vaqtda o‘sha qavatda binoning zina tutqichlarini yangisiga almashtirish ishlari amalga oshirilayotgan bo‘lgan.
Ayol telefonda suhbatlashish jarayonida qurilish bo‘layotgan hududni anglatuvchi belgi va to'suvchi tasmalarga ahamiyat bermasdan zina tomonga yurgan va eʼtiborsizlik oqibatida tushib ketgan. Bunda qurilish-taʼmirlash ishlari olib borilayotgan hudud to‘liq berkitib qo‘yilmaganligi, to‘siq lentalariga esa eʼtibor berilmasligi ham sabab bo‘lgan.
Hodisa yuz bergan vaqtning o‘zidayoq universitetning masʼul xodimlari tomonidan shoshilinch tez yordam chaqirilib, fuqaro respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialiga olib borilgan va birinchi yordam ko‘rsatilgan.
Javohirbek Tursunov








