Barmoq izi orqali o‘g‘irlik jinoyati fosh etildi
Namanganda egasiz uyni o‘marganlar qo‘lga olindi.

Kosonsoy tumani IIB tomonidan barmoq izlari orqali o‘g‘irlik jinoyati fosh etildi. Bu haqda Namangan viloyati IIB Axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 2021-yil 30-noyabr kuni Kosonsoy tumanida yashovchi fuqaro ariza bilan murojaat qilib, shu yil 27-noyabr kuni soat 09:00 dan soat 17:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida yashash uyida hech kim yo‘qligidan foydalangan nomaʼlum shaxs, darvoza qulfini buzish yo‘li bilan kirib, xonada bo‘lgan narxi 2.000.000 so‘mlik “Yasin” nomli televizorini, yotoqxonasidagi ko‘rpalar orasida bo‘lgan 200 AQSH dollari va 400.000 so‘m pullarini o‘g‘irlab ketganligini maʼlum qilib, chora ko‘rishni so‘ragan.
Hodisa joyini ko‘zdan kechirish jarayonida olingan 10 dona qo‘l barmoq izlari Namangan viloyati IIB EKBda mavjud bo‘lgan shaxsni identifikatsiya qilish tizimida tekshirilganda, ulardan 2 tasi Kosonsoy tumanida yashovchi 2002-yilda tug‘ilgan fuqaroning barmog‘iga mos kelgan. Olib borilgan tezkor-qidiruv va surishtiruv harakatlari natijasida ushbu jinoyatni uning sherigi, Kosonsoy tumanida yashovchi 1996-yilda tug‘ilgan fuqaro sodir etgani aniqlangan.
Hozirda ushbu holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Avvalroq Namanganda 35 million so‘mlik tilla taqinchoqlarni o‘g‘irlagan ayollar aniqlangani, shuningdek, 48 yoshli ayolning velosipedi o‘g‘irlab ketilgani ma'lum qilingandi.
Javohirbek Tursunov








