Bo‘stonliqda “Captiva” qarzdorlik evaziga xatlandi
Hozirda mazkur avtotransport vositasini realizatsiya qilish choralar ko‘rilmoqda.

MIB Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Farrux Toshpo‘latovning Zamon.uz‘ga maʼlum qilishicha, Bo‘stonliq tuman bo‘limi ish yurituvida fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Chirchiq tumanlararo sudining 10-iyundagi ijro varaqasiga asosan korxonadan undiruvchi davlat foydasiga 920 million so‘m soliq qarz belgilangan.
Taʼkidlanishicha, qarz undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati bo‘lim ish yurituviga kelib tushgan va shu kuning o‘zida “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonuning 23-moddasiga asosan ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinib, qaror nusxasi taraflarga yuborilgan.
Olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida, Qonunning 21,87-moddalariga asosan tegishli tashkilotlarga so‘rovnomalar yuborilgan. Olingan javob xatlariga ko‘ra, qarzdor tashkilotning nomidagi “Captiva” rusumli avtotransport vositasi ro‘yxatga olinganligi aniqlangan.
Shuningdek, Qonunning 21,48,87-moddalariga asosan qarzdor korxonaning barcha hisob raqamlariga davlat ijrochisining qarori bilan band solingan hamda inkasso topshiriqnomasi ijro qilish uchun yuborilgan.
Bundan tashqari, qarzdorning ijro hujjatida ko‘rsatilgan manzili yaʼni Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Mustaqillik ko‘chasida, qarzdor tashkilot faoliyat ko‘rsatmasligi aniqlangan va shu haqida tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Mazkur ijro hujjatini ijrosini taʼminlash maqsadida qarzdorga tegishli bo‘lgan “Captiva” rusumli avtotransport avtotransport vositasi Toshkent shahar Yunusobod tuman hududida harakatlanayotgan vaqtida davlat ijrochilari tomonidan xolislar ishtirokida xatlanib, jarima maydoniga qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada MIB tomonidan qarzdorning “Malibu”si, Oltiariqda fuqaroning “Nexia 3” rusumli avtoulovi, qarzdorning “Trailblazer” avtomashinasi hamda Buxoroda qarzdorlarning mashinasi xatlangani haqida xabar berilgandi.







