Jamiyat

Ilk bor o‘tkazilgan Konstitutsiya imtihoni g‘oliblari taqdirlandi

Birinchi o‘rin qaysi viloyatga nasib etdi?

Ilk bor o‘tkazilgan Konstitutsiya imtihoni g‘oliblari taqdirlandi

 

Bugun, 6-dekabr kuni Adliya vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik hamda Konstitutsiyaviy sud hamkorligida o‘tkazilgan umummilliy Konstitutsiya imtihoni g‘oliblari taqdirlandi.

 

Mazkur imtihonda jami 50 ming nafardan ortiq ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tdi. Dastlabki bosqichda ishtirokchilarning ijodiy savollarga javoblari baholanib, ulardan 10 nafari final bosqichiga yo‘l oldi. Final bosqichida saralangan 10 nafar qatnashchining huquqiy bilimlari suhbat asosida sinovdan o‘tkazildi.

 

So‘nggi bosqichda 289 ball to‘plagan poytaxtlik ishtirokchi 3-o‘rinni, 313 ball to‘plagan jizzaxlik ishtirokchi 2-o‘rinni, 328 ball to‘plagan qashqadaryolik ishtirokchi 1-o‘rinni egalladi.

 

Tashkilotchilar tomonidan 1-o‘rin g‘olibiga 15 million, 2-o‘rin g‘olibiga 10 million, 3-o‘rin g‘olibiga 5 million so‘m pul mukofotlari berildi.

 

Shuningdek, tadbirda “Huquqiy targ‘ibot ishlari aʼlochisi” ko‘krak nishoni o‘z sohiblariga topshirildi. Ushbu nufuzli mukofot bilan aholi orasida huquqiy madaniyatni keng targ‘ib qilishda jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan turli kasb egalari va jamoatchilik faollari taqdirlandilar.

 

Javohirbek Tursunov

Ilk bor o‘tkazilgan Konstitutsiya imtihoni g‘oliblari taqdirlandi | Zamon.uz