Jamiyat

56 yoshli erkak norasmiy nikoh sabab ayolga OIV kasalligini qasddan yuqtirdi

Erkak ayoldan kasallikka chalinganini 3 yil yashirgan.

56 yoshli erkak norasmiy nikoh sabab ayolga OIV kasalligini qasddan yuqtirdi

 

Buxoro viloyati Shofirkon tumanida yashovchi erkak bila turib o‘zgaga OIV kasalligini qasddan yuqtirganlikda ayblanmoqda. Bu haqda Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati maʼlum qildi.

 

Maʼlumotlarga ko‘ra 1965-yilda tug‘ilgan fuqaro viloyat OITSga qarshi kurashish markazida 2015-yildan buyon ro‘yxatga turgan.

 

Boshqa shaxslarga infeksiyani yuqtirganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida ogohlantirilgan bo‘lishiga qaramasdan, 2018 yilning noyabr oyidan hozirgi kunga qadar 1972-yilda tug‘ilgan ayol bilan nikohsiz yashab, doimiy jinsiy aloqada bo‘lib kelgan. Bila turib o‘sha ayolga OIV kasalligini qasddan yuqtirganligi aniqlangan.

 

Mazkur holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan JK.ning 113-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ushbu shaxsning boshqa shaxslarga ham OIV infeksiyasini yuqtirgan yuqtirmaganligini aniqlash yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Avvalroq OIV va Gepatit S tashxisi uchun mobil laboratoriya ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi. 

 

  Munojat Valiyeva

56 yoshli erkak norasmiy nikoh sabab ayolga OIV kasalligini qasddan yuqtirdi | Zamon.uz