Moskvadan uchib kelayotgan parvoz o‘z manziliga yetib borolmadi
Bunga ob-havoda quyuq tuman tushishi sabab bo‘ldi.

Bugun tonggi Urganch va Andijon aeroportlarida yomon ob-havo natijasida ko‘rish imkoniyati yomonlashgani munosabati bilan samolyotlar uchish va qo‘nishni jarayonini amalga oshirolmadi.
Shu bilan birga, tuman tufayli “Aeroflot” aviakompaniyasining Moskva shahridan “SU-1976” qatnovini bajarayotgan samolyot sahnidagi 131 yo‘lovchisi bilan soat 06:40da Urganchga qo‘na olmadi va Nukusdagi zaxira aerodromiga yuborildi.
Bundan tashqari, “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining “HY053” qatnovi Toshkent aeroportida Urganchga parvozini kutmoqda.
Jadvalga asosan, samolyot soat 08:20 da Urganchga qo‘nib, so‘ngra “HY279” qatnovi bilan Istanbulga yo‘l olishi kerak edi. Biroq Urganch aeroportida hamon tuman saqlanib turibdi. U yerda ko‘rish imkoniyati 200 metrdan 400 metrgacha yaxshilandi. Uchish uchun maqbul ko‘rish imkoniyati kamida 800 metrni tashkil qiladi.
Sinoptiklarning fikricha, tuman 11:00 dan 11:30 gacha tarqalishi kerak.
Shuningdek, noqulay ob-havo Toshkentdan Andijonga bajariladigan “HY091” qatnovning ham kechiktirilishiga sabab bo‘ldi. Samolyot 08:30 da parvoz qilishi kerak edi, biroq qabul qiluvchi aeroportdagi tuman tufayli u hamon Toshkentda ob-havo yaxshilanishini kutmoqda.
Tahminiy uchish vaqti - mahalliy vaqt bilan 12:00 da.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq "I FLY Airlines" aviakompaniyasiga O‘zbekistonga parvozlarni amalga oshirish uchun vaqtincha taqiq qo‘ygani hamda Toshkent aeroportida 200 ga yaqin yo‘lovchi Istanbulga ucha olmagani haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







