Jamiyat

O‘zbekiston bozorlariga qaysi xorijiy kompaniyalar kirib keldi?

Joriy yil mamlakatimizga ko‘plab xorij kompaniyalari, taniqli brendlar kirib keldi.

O‘zbekiston bozorlariga qaysi xorijiy kompaniyalar kirib keldi?

 

Ular nafaqat mahsulotlarini sotishni, balki shu yerda o‘zining filialini ochishni ham maqsad qilishmoqda. Yilning yakunida Spot.uz mazkur kompaniyalarning sonini keltirar ekan, bundan ajablanmasdan iloj yo‘q. Ularning ayrimlari bilan tanishishingiz mumkin:

 

Magnum

Qozog‘istondagi eng yirik savdo va chakana savdo tarmog‘i Magnum 11 dekabr kuni Toshkentda o‘zining birinchi gipermarketini ochdi. Endilikda kompaniya yil oxirigacha bitta supermarket, 2022-yilda esa yana to‘rtta shoxobcha ochishni rejalashtirmoqda.

Eslatma. Magnum gipermarketi Chilonzor tumanidagi Integro savdo markazida 7500 kvadrat metr maydonda joylashgan. Unda O‘zbekiston va Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan, boshqa mamlakatlardan olib kelingan 20 mingdan ortiq turdagi mahsulotlar sotilmoqda.

 

Arla Foods

Bu sut ishlab chiqaruvchisi tashkilot hisoblanadi. O‘zbekistonda kompaniya 30 dan ortiq mahsulot, jumladan, mozzarella, yog‘li qaymoq, pishloq, sariyog‘ va boshqa ko‘plab mahsulotlarni taqdim etmoqda.

 

inDriver

Mazkur kompaniyaning kirib kelishi mamlakatimiz bozori uchun yangilik emas. Chunki ushbu Rossiya yo‘lovchi tashish xizmati bundan oldin ham ikki marta O‘zbekistonga o‘z xizmatlarini taklif qilgan. (2016-2018 yillar).

 

“Bozorga kirishga bo‘lgan o‘tmishdagi urinishlar muvaffaqiyatsiz bo‘ldi, deb aytmagan bo‘lardim. Biz biroz saboq oldik, O‘zbekiston bozorini batafsil o‘rgandik. Hozir bizning foydalanuvchilarimiz uchun shahar bo‘ylab harakatlanishning mavjud usullariga muqobil bo‘lishi uchun eng yaxshi vaqt”, dedi servisni rivojlantirish bo‘yicha menejeri Arai Bekembayev.

 

 

MyCrane

MyCrane B2B kranni ijaraga olish platformasi hisoblanadi. U orqali korxona ehtiyojga mos yuk mashinasi yoki minora kraniga buyurtma berishi mumkin.

 

3M

U turli bozorlar uchun innovatsion mahsulotlar ishlab chiqaradigan Qo‘shma Shtatlardagi eng yirik ishlab chiqarish korporatsiyalaridan biridir.

Maʼlumot uchun, 3M‘ning mahalliy bozorlarimizga taqdim etgan ilk mahsulotlari shaxsiy himoya vositalari bo‘lgan. Yaʼni, filtrlovchi yarim niqoblar, qo‘lqoplar, himoya kombinezonlari, ko‘zoynaklar, dubulg‘alar, xavfsizlik vositalari, respiratorlar.

 

Renault

Mazkur kompaniyaning avtomobillarini O‘zbekistonda ishlab chiqarish va sotish ishlari bilan Roodell shug‘ullanadi. Renault‘ning mamlakatimizda sotuvga chiqargan ilk avtomahsulotlari – “Arkana”, “Kaptur” va “Duster”.

Eslatma. Kompaniya O‘zbekistonda savdo va xizmat ko‘rsatish tizimini bir nechta bosqichda tashkil etishni maqsad qilgan. Birinchi bosqichda Renault Toshkentda ikkita dilerlik markazini ochishni ko‘zlagan.

 

Chery

Xitoyning mazkur avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyasi 2022 yilning birinchi yarmidayoq O‘zbekiston bozoriga o‘z avtomahsulotlarini olib kirishni rejalashtirgan. Shuningdek, kompaniya rejasida Toshkentda avtosalonlar tashkil etish ham bor. Keyinchalik geografiyasini kengaytirmoqchi bo‘layotgan Chery, avtomobillarini mamlakatimizning yana yettita shahrida taqdim etish niyatida.

 

OTP Bank

Vengriya banki hisoblanadigan OTP Ipoteka bankining 75% davlat ulushini sotib olishni rejalashtirmoqda.

 

“Alfa-bank”

Rossiya banki ham O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishdan manfaatdor. Bankning asosiy delegatsiyasi Markaziy bankda bo‘lib, ularga tijorat banki, mikrokredit va to‘lov tashkilotini ochish tartibi tushuntirilgan.

 

Maʼlumot uchun, bungacha O‘zbekistondagi “Alfa-Bank” mahalliy banklar bilan hamkorlik qilgan. Masalan, 2020 yilda u “Asaka” bank uchun 100 million yevro miqdorida sindikatlangan kredit tashkilotchisi sifatida hamjihatlikda ishlagan.

 

Ekspobank

Yana bir Rossiya banki bo‘lgan Ekspobank ham “Poytaxtbank”ni sotib olishga daʼvogar hisoblanadi.

 

“Fonbet”

Mazkur bukmeykerlik kompaniyasi Toshkentda o‘z ofisini ochmoqchi. Kompaniya bir nechta bo‘sh ish o‘rinlarini taklif qila boshlagan. 2007 yildan buyon mamlakatda bukmeykerlik taqiqlangan bo‘lsa-da, kompaniya “oq maosh” vaʼda qilmoqda.

 

Reikartz

Bu Ukraina mehmonxonalar tarmog‘i bo‘lib, hozirda beshta shaharda – Toshkent, Namangan, Buxoro, Samarqand va Jizzaxda mehmonxona sektorida biznesni rivojlantirish bo‘yicha menejerlar uchun bo‘sh ish o‘rinlarini ochgan.

 

Avvalroq O‘zbekistonda gipermarket va supermarket maqomida ikkita do‘kon ochilgani hamda Euronews dunyoni Yangi O‘zbekiston bilan tanishtirishi haqida xabar berilgandi.

 

Olamgir Abdiyev

O‘zbekiston bozorlariga qaysi xorijiy kompaniyalar kirib keldi? | Zamon.uz