Oltiariq uzumlari endi Navoiyda ham yetishtiriladi
Farg‘onadan Navoiy viloyatiga Prezident sovg‘asi sifatida uzum ko‘chatlari yuborildi.

Oltiariq uzumchilik tajribasini yana-da ommalashtirish maqsadida Navoiy viloyatining Karmana tumaniga Prezident sovg‘asi sifatida 6 xil navdagi eksportbop uzum ko‘chatlari jo‘natildi.
"10 gektar maydonga quduq qazish uchun 120 million so‘m subsidiya ajratilyapti. Bu dehqon va fermerlarga juda katta imkoniyat. Ishchi o‘rni yaratib, eksport salohiyatimiz ortmoqda. Bugun Karmana tumaniga ham 200 gektardan ziyod maydonga ekish uchun Rizamat ota, Mersedes, Ketmonsopi, Husayni kabi 6 xil navdagi uzum ko‘chatlarini yuboryapmiz. O‘zimiz ham borib, Oltiariqdagi kabi bog‘larni yaratishga hissamizni qo‘shamiz", – dedi Oltiariq uzumchilik kooperatsiyasi rahbari Isajon Boymatov.
Oltiariq tumani o‘zining uzumlari va uzumchilik maktabi bilan yurtimizda ham, xorijda ham mashhur. Viloyatdagi 7 ming 834 gektar uzum bog‘laridan 2 ming 250 gektaridan ziyodi aynan Oltiariq tumanida joylashgan. Mamlakatimizda uzumchilikni rivojlantirishda ushbu tuman namuna sifatida olingan.
Javohirbek Tursunov








