Jamiyat

O‘zbekistonda yangi muzey ochildi

U yerda kamyob qor qoplonlarini ham tomosha qilishingiz mumkin.

O‘zbekistonda yangi muzey ochildi

 

O‘tgan asrning 70-yillarida barpo qilingan Chotqol qo‘riqxonasining ma’muriyat binosi qayta rekonstruksiya qilinib, muzeyga aylantirildi. Yangi binoning ochilish marosimi 7 dekabr kuni bo‘lib o‘tdi. Eski bino mehmonlar-markaziga aylantirildi, u yerda bir nechta zallar mavjud.

 

Zallardan biri qor qoploniga bag‘ishlangan. Chotqol davlat qo‘riqxonasi direktori Jasur Do‘stovning so‘zlariga ko‘ra, qor qoploni hayvonlarning eng kam uchraydigan va kam o‘rganilgan turlaridan biridir. O‘zbekistonda bu kabi jonivordan bor-yo‘g‘i 80-90 ta bor, xolos.

 

Qoplonlar tog‘larda yashaganligi sababli tog‘ ekotizimlari alohida e’tibor va himoyaga muhtoj.

 

Markazni rekonstruksiya qilishda BMT Taraqqiyot dasturi ishtirok etdi.

 

Chotqol qo‘riqxonasi Toshkent viloyatida 24 ming gektardan ortiq maydonda joylashgan. Bu yerda 745 dan ortiq turdagi yuqori o‘simlik o‘sadi. Hududning 57% dan ortig‘i daraxt va butalar bilan qoplangan. Qo‘riqxona hududida 30 dan ortiq yangi o‘simlik turlari topilib ro‘yxatga olingan, bu yerda yashovchi hayvonlarning 20 turi O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.

 

Javohirbek Tursunov

O‘zbekistonda yangi muzey ochildi | Zamon.uz