Dehqonobodda eski molxona devori orasidan miltiq topildi
Miltiq fuqaroning marhum otasiga tegishli ekanligi aytilmoqda.

So‘ngi vaqtlarda viloyatlarda o‘tkazilayotgan “Xavfsiz xonadon” tezkor profilaktik tadbirlar davomida xonadonlardan turli xil o‘qotar qurollar topilmoqda.
IIB xodimlari tomonidan fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, o‘qotar quroli bilan bog‘liq noxush holatlarning oldini olish va jamoat tartibini saqlash maqsadida xonadonma-xonadon yurib targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Shu kabi targ‘ibot ishlari natijasida Dehqonobod tumani Beshqo‘ton qishlog‘ida yashovchi fuqaro R.T. yashash uyi eski molxonasining devorini buzayotgan vaqtida, marhum otasidan qolgan 1 nilli, 16 kalibrli, 1954 yilda ishlab chiqarilgan o‘qotar-ov qurolini topib olganini maʼlum qildi. Qurolni o‘z ixtiyori bilan tuman IIBga topshirdi.
Avvalroq Jizzaxda molxona devori oralig‘idan tarixiy miltiq topilgani hamda Toshkent shahrida jangovar revolver saqlagan shaxs aniqlangani haqida xabar berilgandi.
Munojat Valiyeva







