Toshkentda 8 ta avtomobil ishtirokida yo‘l transport hodisasi ro‘y berdi
Avtohalokatga avtobus haydovchisi sababchi bo‘lgan.

Bugun, 12-dekabr kuni Toshkent shahrida 8 ta avtomobil ishtirokida yo‘l transport hodisasi ro‘y berdi. Bu bo‘yicha shahar IIBB rasmiy maʼlumot berdi.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, hodisa bugun soat 15:00 atrofida Chilonzor tumani Do‘mbirobod chorrahasida sodir bo‘lgan. Jamoat transportining 70-sonli marshruti bo‘yicha harakatlanuvchi “Isuzu” rusumli avtobus haydovchisi boshqaruvni bajara olmasdan bir nechta avtomobillarning to‘qnashuviga sababchi bo‘lgan. Natijada “Labo”, “Spark”, “Nexia-3”, “Matiz”, “Matiz”, “Lacetti” va “Nexia-2” rusumli avtomashinalar bir-biriga urilgan.
To‘qnashuv oqibatida avtobus yo‘lovchisi va “Labo” haydovchisi tan jarohati olishgan. Ularga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Mazkur fakt bo‘yicha Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan tergovoldi tekshiruvi o‘tkazilmoqda.








