Jamiyat

Chaqaloq peshonasiga surtilgan “sindur” uning taqdiriga taʼsir qiladimi?

Jajji bolakaylarning peshonasiga qorakuya surtib qo‘yish qadimdan bor. Bu udum ayrim hududlargagina xos bo‘lib, uning o‘ziga xos sabablari bor ekan.

Chaqaloq peshonasiga surtilgan “sindur” uning taqdiriga taʼsir qiladimi?

 

Baʼzilar bunga shunchaki irim-sirim sifatida qaraydi. Ayrimlar esa bolaga ko‘z tegmasligi va yomon nazarlardan asrash uchun surtadi. Yana baʼzilar uchun esa bu shunchaki, oilaviy udum, urf-odatga aylangan.

 

— Bizga bolaligimizda chaqaloqni peshonasiga qorakuya surtish kerakligini aytishgan, — deydi yangiyo‘llik Nasiba Hakimova. — Ular bu odatni turli yomon ko‘zlardan asrash uchun qilishgan. Chaqaloqlarga qaraganingizda odamlardagi birinchi salbiy nazar o‘sha qorakuyaga tushar ekan.

 

Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida yashovchi Gulnora ayaning so‘zlariga ko‘ra, bolaligida uning ham peshonasiga onasi qorakuya surtgan ekan.

 

— Hozir o‘zim ham nabiralarim peshonasiga qorakuya surtaman. Men bunga shunchaki bir udum sifatida qarayman. Shuning uchun ham nabiralarim peshonasiga qoradan belgi qo‘yib qo‘yaman. Onam shunday qilgan. U kishi ilmli ayol bo‘lgan. Balki bu noto‘g‘ridir, ammo men oilaviy udumni bajaryapman, xolos.

 

Yangi tug‘ilgan chaqaloq peshonasiga qorakuya surtib qo‘yishga dinimizda qanday qaraladi? Bu savolga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi mutaxassisi Abdulatif Tursunov shunday javob berdi:

 

— Bu amal shariat taʼlimotlariga to‘g‘ri kelmaydi. Dinimizda yosh bolani yuziga qora surtib qo‘yishga buyurilmagan. Bu ish dinimizda yo‘q. To‘g‘ri, ko‘z tegishi bor narsa. Bir nechta hadisi shariflarda bu haqda ochiq aytilgan. Sahobalardan Usmon ibn Affon roziyallohu anhu bir ko‘rkam bolani ko‘rib: "Bu bolaning yuziga qora rang surtib qo‘yinglar, ko‘z tegib qolmasin tag‘in", degan maʼnosida gapirgan ekanlar. Lekin hazrati Usmonning bu gaplari "Dinimizda har bir tug‘ilgan yosh bolaning yuziga qora surtilishi kerak", degan maʼnoda emas, balki tavsiya maʼnosida aytilgan. Shuning uchun har bir tug‘ilgan bolaning yuziga qorakuya kabi narsalarni surtishga odatlanish yaxshi emas. Vallohu aʼlam.

 

Munojat Valiyeva