Sandiqlarda saqlangan adolat
Oliy sudda yana 120 nafar qatag‘on qurbonlari oqlandi.

“Bosmachi” nomini olgan ajdodlarimizning achchiq qismatini ko‘proq ularning yaqinlari, jigarlari dildan his etadi, yaxshi tushunadi.
O‘sha mash’um yillarda qatag‘on qurboni bo‘lgan Muhammadniyoz o‘g‘li Rustambekning kenja nabirasi Muqaddas Niyozbekova Amerikada istiqomat qilgan. U marhum bobosining oqlanishidan xabar topgach, yillar davomidagi qalb og‘riqlari biroz yengillagandek bo‘ladi.
— Bobom o‘z davrining ilmli kishisi bo‘lgan. Jadidlar rahnomalaridan biri Munavvarqori Abdurashidxonov bilan qalin do‘st edi. Salohiddinxo‘ja domla bo‘lardi, shuni odamisan, deb qatag‘on qilib yuborishgan. Bu oqlanuv sudi haqida 2 kun oldin xabar topdim. Amerikada tahsil olgan qizim bilan birgalikda bobomning ancha yillik arxivlarini qidirib topdik. Ularning xotirasini tikladik. Bobom 1880 yilda tug‘ilib, otasi yordamida savod chiqargan. Keyinchalik rus-tuzem va o‘z bobosi ochgan madrasada tahsil olgan. 1903-1918 yildan madrasada mudarris bo‘lib ishlagan.
Shahidlar xotirasi jamoat fondi raisi Baхtiyor Hasanov esa ushbu sud jarayoniga quyidagicha munosabat bildirdi:
— Qatag‘on qurboniga aylangan ko‘pchilik turkistonliklarning aksariyati “uchlik” sud orqali sudlanishgan. Hozirda 120 dan ortiq “delo”da qolayotgan muammoli oqlanishi rejaga qo‘yilgan ishlar Bosh Prokuraturaga va Oliy sudga yuborildi. O‘rganishlar natijasi o‘laroq, aksariyat qatag‘on qurbonlaridan ayblovlar olib tashlandi va oqlandi.Bundan tashqari, qatag‘on qilinganlarni o‘rganadigan ilmiy guruhlar tuzildi. Respublikadagi 14 ta muzey atrofida har bir viloyat kesimida tarixiy xotira kitoblarini ham yaratdik. Shuningdek, 40 mingdan ortiq qatag‘on qurboni bo‘lgan insonlarni nomini oqladik. Hali o‘rganilmagan 200 dan ortiq xatlar mavjud bo‘lib, ulardagi nomi qora ro‘yxatda turgan shaxslarni ham oqlanishiga imkonimiz bor.”
Ma’lumot uchun: “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishga muvofiq, o‘tgan davrda ushbu yo‘nalishda muhim farmon va qarorlar qabul qilindi. Yurtimizda 2001 yildan buyon har yili 31 avgust — “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni” sifatida keng nishonlab kelinmoqda. “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi barpo etildi. “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi hamda hududlardagi oliy ta’lim muassasalari qoshida uning bo‘limlari tashkil etildi.
Cho‘lponoy Ahmedova








