Arxeologik yodgorliklar tadbirkorlar uchun asrab kelinganmi?
Arxeologik yodgorliklarni saqlash va muhofaza qilishda qonunchilik talablari qo‘pol ravishda buzilgani aniqlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish davomida respublikamizdagi ayrim arxeologiya yodgorliklariga baʼzi mahalliy hokimliklar hamda yuridik shaxslarning qonunga zid hatti-harakatlari oqibatida katta miqdorda zarar yetkazilayotgani aniqlandi.
Xususan, Toshkent viloyati Parkent tumani “Istiqbol” MFYdagi “Tepa (Kultepa)” arxeologiya yodgorligiga tegishli 2 gektar yer maydoni hududi 2018 yil 28 sentyabrda Parkent tumani hokimligi tomonidan amaldagi qonunchilik talablariga zid ravishda auksion savdolari orqali “U.Q.B.” MCHJga xom g‘isht ishlab chiqarish sexi tashkil etish uchun berib yuborilgan.
Maʼlum bo‘lishicha, mazkur arxeologiya yodgorligi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-son qarori bilan tasdiqlangan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy Ro‘yxatiga kiritilgan. Davlat mulki hisoblangan ushbu obyekt Toshkent viloyati madaniyat boshqarmasiga operativ boshqaruv huquqi asosida berilgan.
Ushbu arxeologiya inshootini “U.Q.B.” MCHJ rahbarlari 2020 yilda qonunchilik talablariga zid ravishda tadbirkor “U.M.P.” MCHJga sotib yuborgan. Ushbu tadbirkorlik subyekti ham o‘z navbatida, bu obyektda xom g‘isht ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.
Mazkur sex uchun xom-ashyo, yaʼni tuproq mahsulotini yetkazib berish majburiyatini “U.Q.B” MCHJ o‘z zimmasiga olgan. Tuproq esa, ushbu arxeologiya inshooti hududidan qazib olingan. Oqibatda, bu tarixiy inshootga katta miqdorda zarar yetkazilgan.
Ushbu noqonuniy hatti-harakatdan xabar topgan Toshkent viloyati moddiy meros boshqarmasi 2020 yilda yetkazilgan zararni aybdor shaxslardan undirish, mansabdor shaxslarga nisbatan chora ko‘rish, tuman hokimining qarori va oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishni so‘rab, huquqni muhofaza qiluvchi va mutasaddi idoralarga murojaat qilgan. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari rahbarlariga ogohlantirish xatlari ham berilgan. Shunga qaramasdan, MCHJ masʼullari o‘zlarini faoliyatini davom ettirib kelgan.
Ushbu holat bo‘yicha o‘rganish ishlariga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Milliy arxeologiya markazi mutaxassislari hamda hududiy davlat va jamoat tashkilotlarining masʼul xodimlari jalb etildi.
Jumladan, 2021-noyabr oyida mazkur hududda ilmiy tadqiqot (tuproq qazish va obyektni kuzatish) ishlari olib borildi. Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, mazkur arxeologiya obyekti eramizning I-IV asrlariga oid bo‘lib, ko‘chmanchi chorvador ajdodlarimizga tegishli qabriston yodgorligi sanalishi aniqlandi.
O‘rganishlar davomida olingan dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, “U.M.P.” MCHJ mansabdor shaxslari tomonidan “Tepa (Kultepa)” arxeologiya yodgorligi hududida xom g‘isht ishlab chiqarish va qazilma ishlari olib borilishi natijasida madaniy merosning obyektiga 1,5 trillion so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilganligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan qonuniy chora ko‘rilishini taʼminlash maqsadida Agentlik tomonidan to‘plangan materiallar Bosh prokuraturaga yuborilgan. Natijada, 2021-yil dekabr oyida Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan “U.M.P.” MCHJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 132-moddasi 2-qismi, 205-moddasi 2-qismi “a” bandi va 207-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazib kelinmoqda.
Agentlik tomonidan bu yo‘nalishdagi ishlar davom ettirilmoqda.







