Abdulla Oripov xonadoni ichida o‘sayotgan daraxt
A.Oripovning rafiqasi shoirni yodga oldi.

“Birlashgan gullar tashkiloti”
Hanifa Mustafoyeva, O‘zbekiston xalq shoiri va qahramoni Abdulla Oripovning rafiqasi, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibasi:
— Rahmatli Abdulla aka bahorni o‘zgacha yaxshi ko‘rardilar. Nafaqat shu faslda tug‘ilganlari uchun, hamma narsa yangidan hayot boshlagani uchun ham, nazarimda. 21 mart kuni xonadonimiz mehmonlar bilan to‘lar, har yili anʼanaga ko‘ra sumalak ham qaynatardim. Yarim asrga yaqin birga umrguzaronlik qildik. U kishining bir odatlari bor edi — uydan hech qachon qog‘oz-qalamsiz chiqmasdilar. Har doim yondaftcha bilan ruchkalarini tayyorlab qo‘yardim. Bugun katta to‘plamlardan joy olgan sheʼrlar o‘sha yondaftarchalarga yozilgan. Deyarli hammasini asrab qo‘yibman.
Men esa uyga gulsiz qaytmayman. Shunaqa odatim bor. Sevimli shoirimiz bilan xorijiy safarlarga ko‘p chiqqanmiz. Qayerga bormay birinchi navbatda gullarga eʼtibor qarataman. Qiziqish bilan qarab turganimni ko‘rgan Abdulla aka “Shu sen bilan ko‘chaga chiqsam, cho‘chib turaman-da. Biror guldan olsang, aeroportda ushlab qolishmasin” derdilar hazil aralash. Lekin o‘zlari ham Yaponiyaga borganlarida bitta gul ko‘chatini olib kelganlar. Umuman olganda, har bir gulimning tarixi bor. Birini o‘g‘lim sovg‘a qilgan, yana birlarini qizlarim. Bo‘yi 2-3 metr bo‘lib ketgan kaktuslarimni esa Abdulla Qahhorning uy muzeyidan, rahmatli Kibriyo opadan olib kelib ekkanman.
Daraxtga aylangan fikus. Xonadonimizda 500 ga yaqin gullar bo‘lsa, fikusning turlari ham bir nechta. Bundan 15 yillar avval, Do‘rmondagi hovliga ko‘chib kelganimizda, bozordan mayda bargli fikus sotib olgandim. Bugun shu o‘simlikning bo‘yi shiftgacha yetgan. Qaragan, odam daraxt deb o‘ylaydi. Shoxlarini kestirgim kelmaydi, xuddi qo‘lini kesishayotgandek tuyuladi menga.
To‘g‘risi, gullarni barcha qonun-qoidalarga rioya qilib ekmayman. Ularga avvalo, erkinlik berish kerak, deyman. Shungami, meni boshqacha yaxshi ko‘rishadi. Bir-ikki kun uyda bo‘lmasam, qanaqadir so‘lg‘in bo‘lib qolishadi. Bolalar hayron — “Siz yo‘g‘ingizda yaxshi qarasak ham, suvini vaqtida quysak ham, baribir so‘lishni boshlashadi”, deyishadi.
Ne-ne sheʼrlarning bitilishiga guvoh bo‘lgan gullar bilan gaplashsam, Abdulla aka bilan gaplashayotgandek taskin topaman. Bularning hammasiga rahmatli shoirimizning nazari tushgan. Ijod xonalarida geran gulini o‘stirardim. Chunki havoni juda yaxshi tozalaydi, kishiga xotirjamlik baxsh etadi. Bargini maydalab choy ham damlab berardim. Chunki asabiylikuning oldini oladi, tinch orom olishni taʼminlaydi. Abdulla akaning ham gullarimga mehri bo‘lakcha edi. O‘sha bizning birgalikdagi oxirgi kuzimizda, Amerikadan turib uyga qo‘ng‘iroq qilgan. Farzandlarimizga “Sovuq tushib qoldi, ayangning gullarini uyga kiritinglar, ko‘chada qolib ketishmasin” deya tayinlagandilar. Chin dildan qayg‘urardilar. Va gullarimga atab sheʼr ham yozganlar.
Birlashgan gullar tashkiloti
Sening qo‘ling guldir, shul sababdan ham,
Hovli-yu xonangda o‘stirasan gul.
Sendaylar bisyorroq bo‘lsaydi, olam
Gulzorga aylanib ketardi butkul.
O‘stirgan gullaring ajib, muattar
Rango-rang, xilma-xil, chiroyli bari.
Nomlarin bilmayman, aytsam, muxtasar
Bor bunda Yer yuzin turfa gullari
Gullaring anjuman tuzibdi go‘yo,
Inja go‘zallikning mashg‘uloti bu.
Shu kichik gulzorda jam bo‘lmish dunyo,
Birlashgan gullarning tashkiloti bu.
Shoira Shagiahmedova







