Jamiyat

Vijdon tig‘i

O‘ylab qadam bosaylik, toki bizning shoshma-shosharligimiz, ehtiyotsizligimiz kimningdir oyoqlariga bolta urmasin...

Vijdon tig‘i

 

“Bolaligimda uydan qochib cho‘milishga borganimda, oyog‘imga shisha sinig‘i kirib ketgandi. Jonimga og‘riq azob bersada, tishimni-tishimga qo‘yib chidagandim. Ammo yarim tunda jon achchig‘ida yig‘lay boshlaganimda, ota-onam “Tez yordam” chaqirishgan. Kichik jarrohlik ishi o‘tkazilgan. Hozir o‘sha jarohatdan bilinar-bilinmas iz qolgan, xolos. Biroq yurakka sanchilgan vijdon tig‘ining azobiga dosh bermoq... Yo‘q, iloji yo‘q! Har kech shu dard bilan uxlab, hech qanday “Tez yordam”ni chaqira olmay, yana tongni ottirish, bu — dahshat! 

 

O‘shanda Zeboning ilk bor mashinamga chiqishi edi. Orqa o‘rindiqda suygan qizimning o‘tirganidan havolanib toychog‘imni uchirib ketayotgandim. Bir tomonda muhabbat haqidagi qo‘shiq yangrab yotibdi. Ikki ko‘zim Zeboning go‘zal qiyofasi aks etgan ko‘zguda. Birdan mashinamga nimadir urildi... va... Keyin angladim men yoshgina kelinchakni urib yuborganimni...

 

Qonun oldida javob berdim, Zebo meni tark etdi... Eng achinarlisi, kelinchak oyoqqa turishi uchun butun qarindosh-urug‘im to‘rt tomonga chopdi, lekin uning oyoqlari jonsiz bo‘lib qoldi... Shu-shu mashina ruliga qo‘l uzatmayman... Va o‘zimni kechira olmayman...

 

O‘ylab qadam bosaylik, toki bizning shoshma-shosharligimiz, ehtiyotsizligimiz kimningdir oyoqlariga bolta urmasin...”

 

Muallif: Shoira Shagiahmedova

Vijdon tig‘i | Zamon.uz