Atirgul o‘g‘risi
Kimningdir xatosini ko‘rganda uni izza qilish emas, to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish lozim.

«Matematika o‘qituvchimizning darvozasi oldida atirgullar o‘sardi. Har kun maktabga borayotganimizda bittaginasini uzib, Zuhraga sovg‘a qilishni orzu qilardim. Tumanimizda gul do‘koni yo‘q edi, baxtga qarshi bog‘imizda ham atirgullar o‘stirmasdik. Bir kuni ertalab atirgullardan bittasini yulib, sinfdosh qiz kelguncha stoli ustiga qo‘yib qo‘ymoqchi bo‘ldim. O‘n to‘rt yoshning sho‘xligimidi bu yoki kinolarda sevganiga gul sovg‘a qilgan yigitga qizning ham mehri tovlanishini ko‘rib, havasim kelganmidi, bilmadim, atirgullarga qo‘l uzatdim. Shu payt o‘g‘irlikni derazadan ko‘rib qolgan o‘qituvchim yugurib chiqdi-da, baland ovozda urisha ketdi:
— Uyalmaysanmi o‘g‘irlik qilishga? Qani, oldimga kel-chi.
Men qo‘rqqanimdan qochib ketdim. Shu-shu maktabda al-Xorazmiy, deya e’tirof etiladigan yigit matematika darslaridan ko‘nglim qoldi. O‘shanda o‘qituvichimiz butun sinf oldida izza qilgandi...
Bugun o‘n ikki-o‘n uch yoshlardagi yigitcha hovlimiz oldidagi turfa ranglarda ochilgan atirgullarni tomosha qilayotganini ko‘rib, yoniga bordim va unga bir dasta uzib berdim. Bilmadim, xursand bo‘lgancha gullarni kimga ilindi? Balkim onasiga, balkim sinfdosh qiziga, ehtimol o‘qituvchisigadir... Nima bo‘lganda ham u xato qilmadi, men ham...
Kimningdir xatosini ko‘rganda uni izza qilish emas, to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish lozim...»







