1 sentabrga qadar 2 qavatli muntazam turistik avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi
Shuningdek, bir oy muddatda Turizm sohasida transport infratuzilmasini yaxshilash konsepsiyasi taqdimot qilinadi.

Videoselektor yig‘ilishida Prezident transport xarajatlarining yuqoriligi xorijiy turistlarni jalb qilishda asosiy to‘siqlardan biri bo‘lib qolayotganini tanqid qildi.
Transport vazirligiga bir oy muddatda bajarilishi lozim bo‘lgan topshiriqlar berildi:
Xususan, “Afrosiyob” tez yurar poyezdining Shahrisabzgacha harakati qayta tiklanadi.
1 sentabrga qadar har kuni 2 mingdan ziyod sayyohga tarixiy maskanlarni aylanib chiqish imkonini beradigan 2 qavatli muntazam turistik avtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yishga ko‘rsatma berildi.
1 oktabrga qadar mahalliy aviaqatnovlarga mo‘ljallangan yangi «Silk avia» aviakompaniyasi tashkil etiladi.
Yig‘ilishda xorijiy va ichki sayyohlarning aviaqatnovlarga talabini qondirish bo‘yicha qator vazifalar belgilab berildi:
● 1 iyuldan «Ziyorat turizmi» dasturi doirasida xorijiy aviakompaniyalarga ko‘rsatiladigan xizmatlarga 50 foizgacha chegirmalar joriy qilinadi;
● yil yakunigacha mahalliy aviaqatnovlar soni haftasiga 48 tadan 60 taga, tutashuvchi qatnovlar soni 4 tadan 6 taga yetkaziladi;
● aviatashish xarajatlarini kamaytirish maqsadida 9 ta samolyot to‘liq ekonom-klassga o‘tkaziladi (bunda tariflar 20 foizga arzonlashadi).







