Tushuning, majbur emassiz!
Davrada o‘yin-kulgi avjiga chiqqan payt biroz tanaffus eʼlon qilindiyu, barchaga namoyishkorona ona qizining qo‘liga 2 ta uzuk, qulog‘iga zirak, bo‘yniga zanjir taqdi. Ana qarsak, ana olqish...

Anchadan beri poytaxtda istiqomat qilaman. Shu yerdagi tanish-bilish, yaqinlarimning to‘ylarida qatnashib, guvohi bo‘lyapman: to‘ylarda keraksiz “marosim”, ortiqcha xarajat rostdan ham ko‘p.
To‘ygacha...
Masalan, hozir qiz uzatish fotihasida yangi “udum” chiqqan. Dasturxonga tortiladigan tort, somsa, shashlik, "tabaka", norin, hasip, turli pishiriq va shirinliklar, mevalar sirasiga qo‘zichoqni pishirib tortish moda. Nomini mangal deyishadi. Bu tortiqning narxi bir milliondan oshadi.
Umuman, Toshkent shahrida, nikoh to‘yi davomida yigirmaga yaqin marosim o‘tkaziladi. Baʼzan bu marosimlarning har biri alohida to‘yga aylanib ketadi. Ularda o‘zaro almashinadigan sovg‘a-salomlar, sarpoyu tog‘oralarni aytmasa ham bo‘ladi. Poytaxtdagi urf-odatga ko‘ra, dastlab “oq o‘rar” marosimi bo‘lib o‘tadi. Unda qizning onasi rozilik alomati sifatida quda tomondan kelgan ayollarga bosh-oyoq sarpo, meva va shirinliklar bilan yasatilgan savat beradi, dasturxon bezatib, mehmon qiladi. Undan keyin «katta fotiha» marosimi o‘tkaziladi. Bu marosimda kuyov tomondan o‘nlab tog‘orada yegulik hamda kelinga sarpo keladi. Qiz tomon ulardan ham oshirib, yaʼni tog‘ora-tog‘ora taom, kuyov va qudalarga sarpo yuboradi. To‘ydan oldin kuyovnikida “mol yoyar” – mebel, parda, idish-tovoqlar, ko‘rpa-to‘shaklar, gilamlarni namoyish etish marosimi, kelinnikida esa “qizlar majlisi” bo‘lib o‘tadi. To‘y kuni restoranda osh beriladi, kuyovnavkarlar kutiladi.
To‘ydan so‘ng
“Kelin salom”, “Charlar”, “Haftalik” marosimlari, tug‘ilgan kunlar, hayitlar munosabati bilan yana bir qancha qo‘shimcha rasm-rusumlar bajariladi.(Bu ham yetmagandek, qizning ota uyiga kelishi qimmatga tushadi. Toki quda tomon “bo‘ldi, kerak emas” demagunicha qiz uyidan har kelganida tog‘ora olib ketarkan.)
Oradan biroz vaqt o‘tib, yosh oilada yangi mehmon dunyoga keladi. Uning sharafiga esa “kichik qovurdoq”, “katta qovurdoq” degan marosimlar uyushtiriladi. Keyin navbat “beshik to‘yi”dan “aqiqa”ga ulanib ketadi. Unda ham yig‘ilganlarga turli sovg‘a-salomlar ulashiladi. Chaqaloqning ota-onasi, bobo-buvilari, amakiyu ammalariga, hattoki, ularning farzandlariga ham kiyim va sovg‘a-salomlar tarqatiladi. Go‘dak qirq kunlik bo‘lganda “chillaguzaron” o‘tkazilib, kuyov tomon turli sarpo, ovqat va pishiriqlar bilan mehmon qilinadi. birgina “qovurdoq” marosimining o‘zida hozir kamida o‘nta tog‘ora hozirlanadi. Tabaka, norin, shashlik, somsa... Har bir tog‘oradagi yegulik narxi kamida 50 dollar atrofida.
Bu hali hammasi emas. Ana shu tadbirlarda ham yana qaytadan kelin-kuyovga bosh-oyoq sarpo, quda tarafdan kelgan erkagu ayolga kiyim-kechak ulashish davom ettiriladi.
O‘tgan yili birga ishlaydigan sherigim qizini uzatdi. To‘yi uchun ishxonadan anchagina qarz oldi. Bu ham yetmadi. Bankdan kredit oldi. Qarzlaridan qutulish arafasida edi. Endi qizi homilador, shu kunlarda ko‘payish arafasida. Quda tomondan ro‘yxat kelibdi. Hali tug‘ilmagan bolaga sarpo-surug‘u, mebelgacha ro‘yxatda bor. Xullas, ayol boshi bilan qizim tinch bo‘lsin, deya topganini qudasinikiga hamon toshimoqda.
To‘ygacha va undan keyingi shu kabi marosimlarni ado etish uchun qancha mablag‘ ketishini o‘ylasangiz uncha-buncha oilani shoshirib qo‘yishi turgan gap. Xo‘sh, bunday ortiqcha marosim, katta-katta sarf-xarajatlardan maqsad nima? Kimga foyda? Yoshlarning baxti, oilaning mustahkamligi mana shu sarpo-suruqlar bilan belgilanadimi? Afsuski, unday emas. Oramizdagi baʼzi bir “orzumand” odamlarning hoyu-havaslarini deb quda-andalar orasiga sovuqchilik tushib, yosh oilalalar qo‘rg‘oni darz ketayotganiga men ham, siz ham, hammamiz guvohmiz-ku! Shu bois ham to‘y-hasham, oilaviy tadbir, maʼraka va marosimlarni tartibga solish dolzarbligicha qolmoqda.
“Arzimagan” to‘yona
Viloyatlarda o‘tkaziladigan to‘y, marosimlardagi ahvol ham Toshkentnikidan aslo qolishmaydi. Masalan, o‘zim tug‘ilib o‘sgan Farg‘onada so‘nggi paytlarda yangi-yangi urflar paydo bo‘lyapti. Mana misol: sunnat to‘yida kelinning onasi to‘ybolaga ko‘rpa-to‘shak qilib o‘zini “qiynamayapti”-da bir rulon baxmal matoni hadya qilyapti. Bir rulon! Tasavvur qilyapsizmi?! Keling, aniqlik kiritamiz: hozir bozorlarda baxmalning o‘rtacha narxi 40-50 mingdan 300 yuz minggacha. Bir rulonda esa 24 metr mato bo‘ladi. Buyog‘ini hisob-kitob qilavering...
Bu – xamir uchidan patir. Kelinning onasi to‘ybolaning onasiga, hatto, opa yoki singillariga ham davrada tillo taqadi. Ko‘rib qo‘ying, deganday... Yaqin tanishimning qaynonasi xuddi shunday qilganiga shaxsan guvohman. Davrada o‘yin-kulgu avjiga chiqqan payt biroz tanaffus eʼlon qilindiyu, barchaga namoyishkorona ona qizining qo‘liga 2 ta uzuk, qulog‘iga zirak, bo‘yniga zanjir taqdi. Ana qarsak, ana olqish... Hasad qilgan ham, havas qilgan ham, kuyganu kulgan ham tilidan bol topib, onani maqtadi. Aytgancha, shu orada to‘ybolaning katta opasi ham buvisining “himmati”dan chetda qolmadi. Tillo zirakli bo‘ldi. Qiziqib so‘rasam, shu taqinchoqlarning o‘ziga 50 milliondan ortiq pul ketibdi.
To‘ydan bir kun avval kelinning ota-onasi to‘y sohibining har bir farzandiga bosh-oyoq sarpo-suruqlaru oshxona va yotoqxona mebeli, gilam, parda, muzlatgich, kir yuvish mashinasi, idish-tovoqlar keltirgani haqida gapirmay qo‘ya qolay.
To‘y, marosimlardagi “majburiy” tartib-qoidalarning ortiqcha muammo ekanini hammamiz yaxshi bilamiz, ularning meʼyorda bo‘lishi kerakligini tushunamiz ham. Biroq amalga kelganda esa mustaqil fikrimizga tayanib ish ko‘rmaymiz. Odamlar nima deydi, degan istiholani hech yengolmaymiz. Oqibatda o‘z istagimizga, imkoniyatlarimizga qarshi boramiz.
Buvim doim to‘ydan gap ochilsa, avvalgi va bugungi to‘ylarni solishtiradilar. Hozir bo‘lib o‘tayotgan bitta to‘yning puliga burungi paytlarda kamida uch-to‘rtta to‘yni o‘ynab-kulib o‘tkazsa bo‘lardi, deydilar doim. To‘g‘ri, bugun zamon o‘zgardi, odamlarning tafakkuri o‘zgardi. Shu bilan birga, nafsi ham kattalashib ketdi, menimcha.
Oddiy bir marosimning ham dabdabali o‘tishiga o‘zimiz sababchimiz. Bolam o‘ksimasin deymiz, mehmonlarga borimizni tortiq qilgimiz keladi, bu yo‘lda hamma qiyinchilikni bo‘ynimizga olamiz. Ayrimlar esa aynan to‘y-hasham va turli marosimlardan o‘zining jamiyatdagi mavqeini sunʼiy ravishda ko‘tarib olish, boyliklarini ko‘rsatib qo‘yish, kimdandir o‘zib ketganini isbotlash va boshqa shu kabi nomaʼqul maqsadlarini amalga oshirish uchun ham foydalanayotgani achinarli.
Ha, bu borada o‘zimiz yo‘limizga yana yangi-yangi to‘siqlar paydo qilyapmiz. Qaniydi, shunga yarasha dabdabalar farzandlarimiz kelajagini, ularning barkamolligi va baxtini kafolatlab bersa...
Tushuning, majbur emassiz, axir! Turli tadbir va marosimlarni serxarajat qilib o‘tkazmasak, biror qonun-qoida oldida javobgarlikka tortilmaymiz yoki kimdir yoqamizdan olmaydi. Lekin nafsimizni, kibrimizni tiymasak, isrofni bilmasak, buning javobi va jazosidan qochib qutulolmaymiz.
Bahriniso Madumarova







