Andijonda noqonuniy "shampun" ishlab chiqarayotgan korxona aniqlandi
MCHJ rahbariga jarima jazosi tayinlangan.

Joriy yilning 27-iyunidan 5-iyuliga qadar Andijon viloyatidagi yirik bozorlar va savdo komplekslarida kontrafakt mahsulotlar ishlab chiqarilishi va sotilishining oldini olish bo‘yicha profilaktika tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur tadbirlar davomida bir nechta savdo do‘konlarida “HEAD&SHOULDERS” MGU, “CLEAR” MBX guvohnomalar bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan tovar belgilariga xaridorni chalg‘itib yuborish darajasida o‘xshash bo‘lgan “hedn&shollders”, “CLEER”nomli shampun mahsulotlari sotilayotganligi hamda mahsulot qadog‘ida “AOS” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqarilayotganligi qayd etilganligi aniqlandi.
“AOS” MCHJ rahbari O‘zbekiston Respublikasida huquqiy muhofaza olgan tovar belgilariga adashtirib yuborish darajasida o‘xshash belgilardan foydalangan holatda shampun mahsulotlarini ishlab chiqargani hamda sotuvga taklif qilganligi sababli Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 177-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobari, yaʼni uch million so‘m jarima jazosi tayinlangan.







