Jamiyat

Samarqandni kuylagan nobelchi shoir

Tan olaman, bunday yozuvchini ilgari eshitmagan ekanman.

Samarqandni kuylagan nobelchi shoir

 

...Odatda mashhur “yulduzlar” ortidan yugurib yurish, ular bilan suratga tushish, dastxat olish ko‘pchilikning sevimli mashg‘uloti sanaladi. Garchi men bu “mashg‘ulot”ga qattiq qiziqmasam-da, ustoz adiblarimiz, yozuvchi va shoirlar bilan esdalik uchun rasmga tushib turaman.

 

To‘g‘ri, kuni kechib, paydo bo‘lgan, “yulduzlik” kasaliga berilib, muxlislari bilan rasm tushish uchun 3 soniya vaqtini ayaydigan “yulduzlarimiz” haqida ko‘p eshitganman. Ammo yozuvchi va shoirlar orasida bunday “ yulduzlar” deyarli uchramaydi.

 

2016-yilda Bokuda bo‘lib o‘tgan Xalqaro gumanitar forumda bir guruh hamkasblar bilan ishtirok etib qaytgandik. Mazkur forumga turli yo‘nalishda Nobel mukofotini olgan o‘ndan ortiq mutaxassislar taklif etilgandi.

 

Ular orasida Adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori, nigeriyalik adib Vole Shoyinka ham bor ekan. Tan olaman, bunday yozuvchini ilgari eshitmagan ekanman. Darhol yozuvchining ismini “Google”ga berdim. Qarangki, vikipediya portalida ham ozgina maʼlumot berilgan ekan.

 

Lekin meni eng hayratga solgani adibning sheʼriy  to‘plamlaridan biri “Samarkand and other markets i have known” (Samarqand va men bilgan boshqa bozorlar) deb nomlangani bo‘ldi. Adibning ushbu jahonshumul mukofotni olishiga mazkur to‘plam  katta o‘rin tutgan.

 

88 yoshli yoshli bu adib 1986-yilda “yirik madaniy istiqbollarga ega teatr va sheʼriyat yaratgani uchun” Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan.

 

Uning birgina sheʼrini internetdan topib, tilimizga o‘girishga harakat qildim.

 

Sen dafn etilgan yig‘ining shamolini eshityapsanmi?

Dars boshlanmoqda, menga saboq ber,

Ajib bezovtalik ichra erib ketishdan.

Qayg‘u zaminni quchar, shom qorong‘isidek...

 

Xullas, tadbir so‘ngida adib bilan suratga tushish maqsadida ortida yugurdim. Ammo har qancha urinmay, uni “tutish” juda qiyin kechdi. Menga o‘xshab u bilan suratga tushmoqchi bo‘lganlar ko‘p edi. Biroq u “meni kechirasizlar, men odatda hech kimga intervyu ham, dastxat ham  bermayman, suratga ham tushmayman” deb uzr so‘rab, bizdan uzoqlashdi. Har qalay uning bu holatini tushundim. Axir, u shunchaki ijodkor emas, kimsan, “Nobel” mukofoti sovrindori! "Noz qilsa" arziydi!

 

Ertasi kuni kechki payt O‘zbekistondan borgan bir guruh ishtirokchilar dasturxon boshida suhbatlasharkanmiz, beixtiyor haligi mashhur adib yonimizdan o‘tib qoldi. Tabiiyki, uning “injiqligi”da hamyurtlarimga “shikoyat” qilgan bo‘ldim.

 

Shunda davramizda o‘tirgan tarixchi va publitsist akamiz Shuhrat Salomov “yuring, shu “akangiz”ni o‘zim ko‘ndirib beraman” deya meni ergashtirib ketdi.

 

Shoyinka bu paytda yaponiyalik bir olim bilan qizg‘in bahsga kirishgandi. Shuhrat aka yozuvchining yoniga borib, xuddi eski tanishlaridek quchoqlashib ko‘rishdi. Bu orada men ham “Siz bizning yurtimiz – Samarqand haqida kitob yozgan ekansiz, sizga alohida rahmat aytmoqchimiz” deb “xushomad” qilib qo‘ydim.

 

— O, Samarqand! Men bu go‘zal shaharni juda yaxshi ko‘raman. Borish niyatim bor, - dedi.

— Endi esdalik uchun bir suratga tushsak, nima deysiz? — so‘radi Shuhrat aka.

— O‘zi, odatda, men hech kim bilan suratga tushmasdim. Lekin Samarqandning hurmati uchun shu anʼanani buzganim bo‘lsin, — dedi.

 

Xullas, mana o‘sha – katta mashaqqat evaziga qo‘lga kiritilgan surat: chapdan o‘ngga tomon sanab borsangiz, kun.uz saytining bosh muharriri Maqsud Asqarov, kamina, janob Shoyinka va shu suratni “undirib” bergan Shuhrat aka.

 

Rustam Iqbol

Samarqandni kuylagan nobelchi shoir | Zamon.uz